O‘zA O`zbek

13.09.2018 08:15 Chop etish versiyasi

Ishsizlik – barchaillatlaroʻchogʻi

Ishsizlik – barchaillatlaroʻchogʻi Jizzax viloyati Forish tumanida xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 120 xotin-qizga tijorat banklaridan 1 milliard soʻmdan ziyod kredit mablagʻi ajratildi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini yanada yuksaltirishning samarali yoʻli ularni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi. Tuman xotin-qizlar qoʻmitasi, ichki ishlar boʻlimi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimi tomonidan ishlab chiqilgan hamkorlik rejasiga muvofiq, ushbu yoʻnalishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Hamkorlik rejasi asosida tashkil etilgan ishchi guruh uyma-uy yurib, xotin-qizlar muammolarini oʻrganmoqda. Hozirgacha tumandagi 25 fuqarolar yigʻinidagi barcha oilalar toʻliq oʻrganib chiqildi.

Birgalikda amalga oshirilgan tadbirlar tufayli joriy yilning oʻtgan davrida 212 ayol ish bilan taʼminlandi, 65 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun koʻmaklashildi, 7 nafar xotin-qiz hunarmandchilik sohasiga yoʻnaltirildi.

– Koʻplab illatlarning kelib chiqishiga ishsizlik, oiladagi moddiy yetishmovchilik sabab boʻladi, – deydi tuman hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Gulnora Ismoilova. – Shuning uchun uyma-uy yurib ayollarning ijtimoiy ahvolini oʻrganishda ularning layoqatiga, imkoniyatiga yarasha ish topishida koʻmaklashish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu maqsadda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun bino, yer-joy ajratilishi, kredit olishi hamda boshqa ijtimoiy-huquqiy masalalarda amaliy yordam koʻrsatilayotir.

Ishchi guruh uyma-uy yurib oilalarni oʻrganish davomida xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, jinoyatga moyilligi bor, notinch oilalarda istiqomat qiluvchi ayollar va qizlar muammolarini oʻrganish va ularga yechim topishga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Shuningdek, oilalarda erta nikohning ogʻir oqibatlari, qizlarni turmushga tayyorlash borasida suhbat va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
975