O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

“Ishsizlar koʻpayishiga hissa qoʻshmang!”

“Ishsizlar koʻpayishiga hissa qoʻshmang!”


Mamlakatimizda oxirgi bir haftada 5 mingdan ortiq yangi kasal aniqlanib, jami virus yuqtirganlar soni 27 mingtaga yaqinlashdi. Eng yomoni, koronavirusga qoʻshimcha tarzda, asorati ogʻirroq boʻlgan pnevmoniya holatlari ham koʻpaymoqda. Ushbu holatni inobatga olib, yurtimizda qoʻshimcha choralar koʻrildi. Jumladan, oxirgi 20 kunda koronavirusni davolash oʻrinlari 3,5 barobarga koʻpaytirildi va qariyb 65 mingtaga yetkazildi...

Kecha Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ana shu masalalar muhokama qilindi. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Pandemiyani jilovlash va ijtimoiy himoya tizimida adolatni taʼminlash masalalari muhokama qilindi” sarlavhali material mazkur yigʻilish tafsilotlariga bagʻishlangan. Unda qayd etilishicha, joylarga qoʻshimcha ravishda qariyb 800 ta tez tibbiy yordam mashinasi yetkazib berildi. Qoʻshimcha 4 mingta nafas berish uskunasi (OʻSV, portativ sunʼiy nafas berish apparati, kislorod konsentratori) olib kelinib, ularning soni 6,5 mingtaga yetdi...

“Xalq soʻzi” gazetasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti olimlari — Sherzod Mustafoqulov va Mansur Sultonovning “Kredit-modul tizimiga oʻtish nima uchun kerak? Maqsad, mohiyat va afzallik” sarlavhali maqolasi chop etilgan. Materialda aytilishicha, kredit-modul tizimi, bu — taʼlimni tashkil etish jarayoni boʻlib, unda ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini taʼminlash, talabalar bilimini reyting asosida baholash. Muallif talabaga kredit maʼlum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng berilishi, har bir talaba kelajakda tanlagan yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha diplomga ega boʻlishi uchun kreditlarni yigʻib borishi lozimligi, toʻplangan kredit talabaga butun umr davomida oʻzining malakasini oshirib borish yoki qoʻshimcha oliy maʼlumot olishiga xizmat qilib boraverishi, iqtisodiy tilda aytganda, toʻplangan kredit talabaning akademik “aktivi”ga aylanib borishini qayd etadi.

“Maʼrifat” gazetasida berilgan “Ishsizlar koʻpayishiga hissa qoʻshmang! Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidovga ochiq xat” sarlavhali materialda yozilishicha, Qiziltepa tumanidagi 26-maktab joylashgan hududda yengil sanoat kasb-hunar kolleji bor. Oʻquvchilar shu kollejga majburan hujjat topshirmoqda. Ular kelajakda oʻqiydigan yoʻnalishlarida ish topa oladilarmi? Bu savol hech kimni qiziqtirmaydi. Masalan, “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash laboranti yoʻnalishida oʻqiyotgan oʻquvchi qayerda, qachon, qanday amaliyot oʻtaydi? Aytaylik, shu guruhda 30 nafar oʻquvchi oʻqiydi. Hududda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash ombori yoʻq. Boʻlganda ham, u yerda 30 ishchi ishlaydimi? Bu yoʻnalishga hududimizda talab yoʻq”, deydi muallif. Chortoq tumanilik oʻqituvchi Qobiljon Qosimovning “20 minutlik dars” nomli maqolasida esa muallif pandemiya sharoitida taʼlim uzluksizligini taʼminlash uchun 2 ta muhim taklifni bildirgan. Birinchisi – maktablarda taʼlim jarayonini boshlash, ammo darslarni 20 daqiqadan joriy etish. Ikkinchisi – “Uy elektron maktabi”ni tashkil etish. Maqolada internetsiz, televideniye va hatto kompyuter yordamisiz ham uyda turib taʼlim olish mumkinligi asoslab berilgan.

“Milliy tiklanish” gazetasida bosilgan “Xizmat — beminnat”dan “Shifokorga madad”gacha” sarlavhali maqolada Olmazor tumanida OʻzMTDP deputatlari Feruza Karimov va Nodira Sharipovalar tomonidan “Shifokorga madad” koʻngilli yoshlar harakati yoʻlga qoʻyilgani xayrli ishlardan biri sifatida baholangan. Chunki pandemiya sharoitida aholidan tibbiy xizmat koʻrsatish yuzasidan shunchalik koʻp murojaatlar tushmoqdaki, bu sogʻliqni saqlash tizimi barcha murojaatlarni qamrab ololmayotganini koʻrsatadi. Materialda taʼkidlanishcha, dastlab Olmazor tumanida sinov tariqasida start olgan koʻngillilar harakati, bugunga kelib Toshkent shahri boʻylab keng yoyilmoqda. Ayni paytda maxsus ajratilgan ofislarda tunu kun faoliyat koʻrsatuvchi “Call-centr” ishlayapti. 50 dan ortiq koʻngillilarni birlashtirgan 8 ta mobil guruh orasida esa tibbiyot xodimlari, talabalar bilan birga psixologlar, haydovchilar, texnik xodimlar, hatto oshpazlar ham bor. Ushbu harakat bemorlarga dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish, dori-darmon, tibbiy jihozlar va oziq-oqat yetkazib berish, ularni ruhiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil qilindi. Har bir guruh kuniga oʻrtacha 20 ta xonadonga xizmat koʻrsatyapti. Soʻnggi 3 kunda 146 nafar keksalar holidan xabar olindi, 75 nafar kishiga tibbiy yordam koʻrsatildi, 150 ta oilaga tibbiyot vositalari, 273 oilaga esa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi...

“Ovozi tojik” gazetasida chop etilgan Zohir Hasanzodaning “Musiqa ilmining haqiqiy ustasi edi” deb nomli maqolasida shashmaqom ustasi Hoji Abdulaziz Abdurasulovning Samarqand shahridagi uy-muzeyi haqida soʻz yuritilgan. Muallifning qayd etishicha, mazkur maskan bugungi kunda sanʼat ahlining ziyoratgoh manziliga aylangan...

***

Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.


2 281
OʻzA