O‘zA O`zbek

30.11.2016 12:19:43 Chop etish versiyasi

Ishonchli vakil saylovchilar huzurida

Samarqand viloyati tuman va shaharlarida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ishonchli vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning ishonchli vakili S.Abbosov Narpay tumani saylovchilari bilan uchrashdi.

Ishtirokchilar nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirildi.

Ishonchli vakil nomzodning dasturida ma’naviy-ma’rifiy sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish eng muhim vazifa sifatida belgilanganini ta’kidladi. Milliy tiklanish, avvalo, milliy o‘zlikni anglash demakdir g‘oyasidan kelib chiqib, xalqimizning boy tarixiy, madaniy va intellektual merosi, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni navqiron avlod orasida keng targ‘ib qilish tashabbusi ilgari surilgan.

Dasturdan madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzey, arxiv, kutubxona va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiya va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, shaharlarimizning milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta’mirlashga ko‘maklashish va YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirmaganlarini unga kiritishga qaratilgan dasturni qabul qilish va amalga oshirish taklifi o‘rin olgan.

Uchrashuvda yosh tadbirkor H.Norboyev, Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Narpay tumani kengashi raisi M.Jumayev, 57-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi O.Narzullayeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar xususida fikr bildirdi.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili saylovchilarning savollariga atroflicha javob qaytardi.