Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 17:30 Chop etish versiyasi

Ishonchdan yuksak martaba bo‘lmas

To‘g‘risi, har qanday rahbar uchun xalqning ishonchini qozonishdan ortiq martaba yo‘q. Uning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Biroq ishonchni yo‘qotish juda oson. Agar buni davlat rahbari misolida oladigan bo‘lsak, xalqaro hayotda bunga misollar juda ko‘p. Ayrim davlatlardagi notinchliklarga xalqning ishonchini yo‘qotish sabab bo‘lmoqda.

Keyingi bir yilda O‘zbekistonda asosiy e’tibor xalqning ishonchini qozonishga qaratildi. Bunga sabab shuki, oxirgi paytda bizda byurokratlik (sansalorlik) chirmoviqdek ildiz otib, jamiyatni bo‘g‘ib, boshqaruv mexanizmlarini ishdan chiqarib, odamlarda norozilik kayfiyatini kuchaytirib borayotgan edi. Shu ketishda xalqning sabr toqati tugashi aniq edi. Katta-kichik rahbarlar esa bu vaziyatga ko‘nikib qolishgandi. Bilasiz, sansalorlik hukm surgan jamiyatda nohaqliklar avj olib, poraxo‘rlik uchun keng yo‘l ochiladi. Poraxo‘rlikning ildiz otishi davlat va jamiyatni halokat sari yetaklaydi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangach, xalqning ishonchini qozonib, ana shu xavf-xatarning oldini olish uchun so‘zda emas, amalda astoydil kurash boshladi. Bunday harakat jang maydonidagi kurashga nisbatan ham xavfliroq edi. Chunki jang maydonida dushman kimligini va qayoqqa qarab otishni bilasiz. Byurokratik jamiyatni tozalash uchun kurash esa kimning qo‘li baland kelsa, shu tomonga og‘ib ketadigan munofiqlar qurshovidan yorib chiqishday murakkab holat edi. Mana, bir yildirki, Shavkat Mirziyoyev munofiqlikni niqob qilib olgan byurokratlar, qonunbuzarlar va takabburlarga qarshi qat’iyatlik bilan kurashib kelyapti. Eng muhimi, o‘tgan davrda u xalqda haqiqatga ishonch tug‘dira oldi.

Birinchidan, xalqda shikoyat qilsak, arz-dodimizni aytsak, tinglaydigan joy va odam bor ekan, degan ishonch paydo bo‘ldi. Bunga osonlikcha erishilmadi, albatta. Buning uchun yuzlab, minglab katta-kichik byurokrat to‘ralarning jilovi tortildi, pattasi qo‘liga tegdi. Ilgari ular qulluq qilmasangiz va choychaqa bermasangiz, haqoratlab quvib solishardi. O‘zimdan misol: qayerga nima ish bilan bormayin, nevaram tengi yigitchalar va qizchalarning "ey, chol", "nega qaqqayib turibsiz", "spravka kerak bo‘lsa besh kun emas, o‘n kun qatnaysiz" degan muomalalarini ko‘p marta eshitganman. Xudoga shukur, bugungi kunda "amaki", "otaxon", "mana, ma’lumotnoma tayyor" degan so‘zlarni eshitayotganimiz yoqimli. Menimcha, biz odamlarni sarson-sargardon qilishda nafaqat qonun, haq-huquq va tartib-qoida doirasidan, balki oddiy odamgarchilik va axloq-odob doirasidan ham chiqib ketgandik. Sababi – buning tagida ta’magirlik yotibdi.

Albatta, byurokratlikni butunlay yengdik, deb aytolmaymiz. Bu illat teshiklarning orasida yashirinib yotgan suvarakka o‘xshaydi. Agar hushyor bo‘lmasak, u yana bosh ko‘tarib, halol luqmamizga chang soladi. Eng muhimi, bizni tinglaydigan joy va odam borligiga ishonchimizni mustahkamlab boraylik.

Ikkinchidan, Prezidentning talabchanligi va qattiqqo‘lligi kommunal xizmatdek o‘ta murakkab sohada tartib o‘rnatish imkonini berdi. Xalqdan tushayotgan ariza va shikoyatlar bo‘yicha bu soha birinchi o‘rinda turadi. Kommunal xizmatning turli tarmoqlarida qonunchilik va tartib-intizom shu darajada izdan chiqqanki, keyingi yillarda nima qilishni bilmay xalqning boshi qotib qolgan edi. Bunga sabab shuki, gaz, elektr energiyasi, issiq suv, isitish tarmog‘i, turar joy shirkati va boshqa xizmatlar bo‘yicha ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy tekshirib yuradigan inspektorlar choychaqa berganlarga hamda uylariga qonunsiz yo‘l bilan gaz va elektr o‘tkazib olganlarga naqd pul evaziga "imtiyoz" berib, ular sarflagan gaz va elektr energiyasini qarzi yo‘q odamlarga qo‘shib yozish bilan ko‘zbo‘yamachilikni avj oldirib, halol-pok odamlarda norozilik kayfiyatini kuchaytirib yuborishgandi. Bundan tashqari, ular qing‘ir yo‘llar bilan harom pul topishning turli hiylalarini o‘ylab topishdi.

Albatta, inspektorlar bunday qing‘irlikni tumanlardagi o‘z rahbarlarining ruxsati hamda hamtovoqligida amalga oshirishdi.

Men keyingi 15-yilda kommunal xizmat tarmoqlaridagi bunday ahvol va xalqning asabini egovlash holatlari haqida daxldor vazirliklarga ko‘p marta murojaat qildim, bir necha bor gazetalarda jiddiy chiqishlar qildim. Biroq meni tinglashmadi, faqat inspektorlar biroz vaqt o‘zimni tinch qo‘yishdi, xolos. Prokurorlar va sudyalar bilan uchrashib, aniq ma’lumotlar asosida ular bilan gaplashganimdan keyin bu sohadagi ahvolni tartibga solishga ularning ham kuchlari yetmasligiga ishonch hosil qildim.

Ana shunday o‘ta murakkab va chalkash bir vaziyatda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu sohani o‘z nazorati ostiga oldi. Alohida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkil etildi. Endilikda halol-pok odamlarga soxta qarzlar yozganlarning, naqd pulga gaz va elektr energiyasi sotganlarning, mijozlarni chalg‘itib dovdiratganlarning, qariyalar qarg‘ishiga uchraganlarning, shahar va tumanlar miqyosida kommunal xizmat tarmoqlari boshqaruvini qo‘lga olib, ularni harom luqma ishlab chiqaradigan sexlarga aylantirib olganlarning chuvi chiqyapti.

Prezident kommunal xizmat sohasini hamon o‘z nazorati ostida ushlab turar ekan, demak, bu sohadagi ahvolni yaxshilash borasida hali ko‘p ishlar qilinadi. Avvalo, bu sohaga insof-diyonatli odamlar zarur.

Uchinchidan, Prezident o‘tgan davrda qariyalar va nogironlar uylarida, ruhiy kasalliklar shifoxonasida, yolg‘iz va yordamga muhtojlar huzurida, ishsizlar va uy-joyga muhtojlar bilan suhbatda, tashlandiq qishloqlar va mahallalar hududida bo‘lib, ichki iztirob va dard-alamdan, ko‘ngil cho‘kkanligi va e’tiborning sustligidan qiynalayotganlar ruhiyatiga madad berganidan so‘ng unga nisbatan xalqning ishonchi yanada ortdi. Davlat rahbariga bundan ortiq martaba kerakmas. Quruq rahmatdan savob yaxshiroq. Soxta hamdu sanodan chin ko‘z yoshi afzalroq. Ayniqsa, quvonch ko‘z yoshlarini ko‘rish qalbda bir umr muhrlanib qoladi.

O‘ylab ko‘rsam, Toshkentda yashab, biz ko‘p narsani bilmas ekanmiz. Shavkat Mirziyoyev qayerga borsa, o‘sha yerdagi ahvolni teleekranda ko‘rib hayratlanyapmiz. Olmaliqda ichimlik suvi tugul, texnik suv ham yo‘q ekan. Ohangaronda yuvindisifat sassiq suv to‘rt qavat dokadan o‘tkazilib, so‘ng qaynatib ichilar ekan. Men yigirma yil oldin O‘rta Chirchiq tumanidagi Chig‘iriq  qishlog‘ida yashardim. O‘shanda barcha ko‘cha va xonadonlarda toza vodoprovod suvi oqib turardi. Yaqinda borsam, qishloqdagilar "qarovsizlikdan vodoprovod suviga hojatxona oqovalari qo‘shilib ketib, suvsiz qolganimizga o‘n yildan oshdi" deyishdi. Aslida qishloqlarimizda va shaharlarimizda bunday jinoyatkorona holatlar son-sanoqsiz. Prezidentning bunday holatlarga qarshi astoydil kurash olib borayotganligi xalqimizning unga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

To‘rtinchidan, chamamda ilgari ba’zan sezilib-sezilmagan holda qo‘shnilarimiz bilan o‘rtamizda bo‘lib turadigan ginaxonlik holatlari keyingi bir yilda butunlay barham topdi va ishonch o‘zaro munosabatlarda mustahkam tayanch bo‘lib qoldi. Menimcha, Islom Karimov asos solgan yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik aloqalari butunlay yangi mazmun bilan boyib, do‘stona va ochiq-oydin tus oldi. Bunday holat hatto sobiq imperiyani qo‘msaydigan buzg‘unchi kuchlarni ham lol qoldirdi. Biroq ular payt poylashadi. Jahon siyosatini kuzatib borayotgan sharhlovchi sifatida shuni aytmoqchimanki, nafaqat qo‘shnilar bilan munosabatda, balki umuman tashqi siyosatda O‘zbekiston tanlagan yo‘l oqilligi va odilligi jihatidan xalqimizning istak-xohishiga hamda ishonchiga mos eng to‘g‘ri yo‘ldir. Chunki tashqi siyosatda adashish yoki kimningdir yo‘rig‘iga yo‘rg‘alash sobiq ittifoq tarkibidan ajrab chiqqan bugungi ayrim mustaqil davlatlardagi kabi noxush vaziyatlarni hamda yechim topmaydigan muammolarni keltirib chiqaradi.

Beshinchidan, bugungi murakkab zamonda erkinlik va oshkoraliksiz jahon hamjamiyatining ishonchini qozonib bo‘lmaydi. Shavkat Mirziyoyev MDHga a’zo davlatlar rahbarlari orasida buni birinchilardan bo‘lib anglab yetgan Prezident. Albatta, xorijda O‘zbekiston rahbarining bunday qadamini hayratlanib kutib olganlar ham bo‘ldi.

Marhamat, yurtimiz endi oshkoralik uchun ochiq. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti deysizmi, Xyuman Rayts Votch deysizmi, boshqa xalqaro tashkilotlar deysizmi, "Ozodlik", "Amerika ovozi", "Bi-bi-si" radiolari deysizmi, xorijning yirik axborot agentliklari va boshqa ommaviy axborot vositalari deysizmi, qaysinisi kelib, bizning Tashqi ishlar vazirligimizdan ro‘yxatdan o‘tsa, O‘zbekistonda erkin faoliyat yuritaveradi. Yaxshi tomoni shundaki, biz, o‘zbek jurnalistlari xorijlik hamkasblar bilan endi telefonda emas, yuzma-yuz o‘tirib muloqot qilaveramiz. Ayniqsa, mening quvonchim cheksiz. Chunki ular bilan kim haq, kim nohaqligi haqida munozara qilishni yaxshi ko‘raman. Ana shunda haqiqat oydinlashadi.

Nazarimda yaqin orada O‘zbekistonda yopiq narsaning o‘zi bo‘lmaydi. Hozirning o‘zida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni, nohaqliklarni Prezidentning o‘zi aytayotgan bo‘lsa, nima, biz qarab turamizmi?.. Xullas, O‘zbekiston endi ochiq demokratik davlat. Inson huquqlari va erkinliklari masalasida yo‘l ochiq. Biroq turmush tarzimizda, diniy aqida va milliy ma’naviyatda, turli an’ana va urf-odatlarga amal qilishda hech qachon milliy qadriyatlarimizdan chekinmaymiz. Sun’iy ravishda o‘ylab topilgan standartlar asosida yashashni xalqimiz rad etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimizda tinchlikni, xavfsizlikni va milliy totuvlikni ta’minlashda ustozi Islom Karimov boshlab bergan ishni davom ettirib, katta maqsadlar hamda ulug‘vor ishlarni xalqning ishonchini qozonishdek yuksak martabaga erishish orqaligina uddalash mumkinligini anglagan holda o‘zgacha kuch-g‘ayrat, talabchanlik va qat’iyatlik bilan yangi-yangi imkoniyatlardan, boshqarishning demokratik va xalqchil usul-uslublaridan samarali foydalanayotgan ekan, xalqimizning unga bo‘lgan ishonchi ortib boraveradi.

Ibrohim Normatov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat 
ko‘rsatgan jurnalist.

O‘zA
1 221






Все о погоде - Pogoda.uz