O‘zA O`zbek

06.08.2018 19:07 Chop etish versiyasi

Ishonch va mas’uliyat yanada samarali mehnat qilishga undaydi

Ishonch va mas’uliyat yanada samarali mehnat qilishga undaydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Surxondaryo viloyatida ilg‘or fermerlar, to‘rt sektor va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzrabot tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda senatorlar, Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, Angor, Termiz va Muzrabot tumanlari sektorlari rahbarlari, ilg‘or fermerlar, nuroniylar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz raisligida 31 iyul kuni g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish, aholi tomorqasidan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, g‘o‘za rivoji va uni parvarishlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda boy tajribaga ega vohaning iqtisodiy salohiyati tahlil qilindi.

Yilning o‘tgan davrida voha sanoatida 37, qishloq xo‘jaligida 30, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida 77 yangi loyiha o‘zlashtirildi. 81 million dollar qiymatidagi mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.

Ayni paytda viloyatda mavjud to‘rtta yirik yengil sanoat korxonasi yetishtirilayotgan xomashyoning 20 foizini qayta ishlamoqda. Joriy yilda yana to‘rtta zamonaviy yengil sanoat va to‘qimachilik korxonasini foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda. Bu boradagi dasturda belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi kelgusida yetishtirilayotgan xomashyoning 81 foizini hududning o‘zida qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida xorijga chiqarish imkoniyatini kengaytiradi.

Joriy yilda viloyatda pilla va don yetishtirish rejasi ortig‘i bilan bajarildi. Meva-sabzavot, poliz va boshqa oziq-ovqat ekinlaridan salmoqli hosil terib-yig‘ib olinayotir. G‘alladan bo‘shagan maydonlarning bir qismida takroriy ekin parvarishlanmoqda.

Viloyatda 3 ming 48 fermer xo‘jaligi 78 ming 500 gektardan ortiq maydonda mahalliy iqlimga mos, tezpishar va serhosil g‘o‘za navlarini parvarishlamoqda. Bu yil qish va bahor faslining mo‘tadil, yozning me’yoridan ortiq issiq kelgani voha dehqonlaridan tajribali paxtakorlar maslahati asosida ish yuritishni, suvni tejab, oqilona sarflashni talab etmoqda. Barcha dala yumushlari shu asosda tashkil etilib, g‘o‘za nihollari bir tekis undirib olindi. Tajribali dehqonlar va mutaxassislar tavsiyasi asosida nihollar parvarishiga e’tibor kuchaytirilib, chopiq, yagana, kultivatsiya, sharbat usulida sug‘orish va boshqa agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan amalga oshirildi.

Mamlakatimiz agrar tarmog‘ini yangi bosqichda yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor sohada tub o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Bunday yangilanishlar samarasi Surxondaryo viloyatida ham keng namoyon bo‘layotir. Jumladan, suv taqchilligi sezilgan yilning o‘tgan davrida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv inshootlarini tozalash, ta’mirlash va boshqa ishlar uchun 178 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bu yil ilk marta suv nasoslaridan foydalangan holda ekin maydonlarini sug‘oradigan fermerlarning elektr energiyasi xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy etildi. Mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallari uchun yil boshida belgilangan narxlarni barqaror ushlab turish yo‘lga qo‘yildi. Don va paxta xarid narxining keskin oshirilgani ham fermerlarning yanada ko‘proq mehnat qilishga qiziqish va rag‘batini oshirdi.

Biroq, uchrashuvda ta’kidlandiki, ayrim hududlarda sharoit va imtiyozlardan samarali foydalanilmayotgani, ba’zi mutasaddilar va fermerlar mas’uliyatni sezmayotgani suv taqchil yilda paxta hosildorligini pasaytirish xavfini yuzaga keltirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari bir qator qulayliklarga ega 141 komplekt egiluvchan plastmassa quvurlardan to‘g‘ri foydalanmagan. Oqibatda suvni zovurlarga tashlab qo‘yish, ko‘llatib sug‘orish kabi noxush holatlarga duch kelinmoqda. Masalan, joylarda 49 ta ko‘llatib sug‘orish, 101 ta suvni zovurlarga tashlab, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, 64 ta suvni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati aniqlangan. Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Termiz, Sariosiyo, Sho‘rchi

tumanlarida tungi va sharbat usulida sug‘orish talab darajasida tashkil etilmagan. Ba’zi hududlarda nihollarni chanqatib sug‘orish yoki g‘ovlatib yuborish o‘n foizgacha hosilning nobud bo‘lishiga olib kelgan. Zararkunandalarga qarshi kurashishda sustkashlik mavjud.

Tadbirda fermerlar, qishloq xo‘jaligi mutasaddilari va sektorlar rahbarlari e’tibori hosilga hosil qo‘shish oyida yo‘l qo‘yilgan shu va boshqa kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etishga qaratildi. Sektor rahbarlari va ilg‘or fermerlarning fikr-mulohazalari tinglandi.

– Mamlakatimizda fermerlarga barcha sharoit yaratilgan, – deydi Angor tumanidagi “Rahima Angor” fermer xo‘jaligi rahbari X.Bobomurodov. – Masalan, paxtadan mo‘l hosil yetishtirishda bir qator imtiyozlar berilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ob-havo injiq kelgan bu yilgi mavsumda ham hosildorlikni pasaytirmaslik uchun katta ishonch bildirilayotgani zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi. 330 gektar paxta maydonimiz 10 martadan ziyod kultivatsiya qilindi. Nihollarni chilpishga alohida e’tibor qaratilib, sharbat usulida tunda sug‘ormoqdamiz. Shu kunlarda 16 nafar suvchi to‘rtinchi suvni bermoqda. Har tup niholda 5-21 tadan ko‘sak bor. Mazkur uchrashuvda yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning ro‘y-rost tahlil qilinib, hosildorlikni oshirish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar berilgani, Prezidentimiz nomidan sovg‘alar ulashilgani bizni yanada ruhlantirdi.

Sherobod tumanida Qiziriq va Sherobod tumanlari, Denovda Uzun, Oltinsoy, Sariosiyo va Denov tumanlari, Jarqo‘rg‘onda Sho‘rchi, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on tumanlari fermerlari, sektorlar va qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari, nuroniylar bilan ham ana shunday tadbirlar tashkil etilib, yutuq va muammolar, g‘o‘za parvarishida e’lon qilingan zarbdor qirq kunlikni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi chuqur tahlil qilindi. Sektorlar rahbarlarining hisoboti eshitilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. Agrotexnik tadbirlarni susaytirmaslik va hosilga hosil qo‘shish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Tadbirlarda 150 dan ortiq ilg‘or fermer va qishloq xo‘jaligi xodimlariga Prezidentimiz nomidan sovg‘alar topshirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA
2 424