Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.08.2018 19:49 Chop etish versiyasi

“Ishonch telefonlari”ga ishonsa bo‘ladimi?

“Ishonch telefonlari”ga ishonsa bo‘ladimi? O‘quv yili yakuni oldidan maktab o‘quvchilari uchun yozgi ta’til avgust oyining oxiriga qadar davom etadi, o‘qish har yildagi kabi sentyabrda emas, oldinroq boshlanadi, degan mish-mishlar rosa avj olgandi. Shunga aniqlik kiritish uchun Xalq ta’limi vazirligining 1006 ta’lim sohasi bo‘yicha ishonch telefoniga ketma-ket bir necha kun qo‘ng‘iroq qildim.

To‘g‘ri javob berishdi. Faqatgina avtojavobga ulangan bo‘lib, qaysi raqamni bosishni aytishadi, xalos. Xalq ta’limi masalalari bo‘yicha birni bosing, uzoq chaqiruvdan keyin “Kechirasiz, hozirda hamma operatorlar band, keyinroq qo‘ng‘iroq qiling“, degan javobni eshitasiz. O‘rta maxsus kasb-hunar masalalari bo‘yicha ikkini, oliy ta’lim masalalari bo‘yicha uchni bosing. Ikkini bosganda javob olasiz, uchni esa kutaverasiz, kutaverasiz...

Bunday mulohazalardan keyin bir qator vazirlik va mutasaddi tashkilotlarda fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” qanday ishlayotgani bilan qiziqdik.? Fuqarolarimiz tomonidan ushbu telefonlarga qanchalik ishonch bildirilmoqda va ushbu ishonch qay darajada oqlanmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘limlari faoliyati bo‘yicha yagona telefoni hamda ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib ko‘ramiz. “Ishonch telefonlari” qaysi vaqtda va qaysi kunda ishlashi haqidagi ma’lumot ham berilgan. Dushanba kunidan jumaga qadar soat 9.00 -13.00 va 14.00-18.00 sog‘liqni saqlash organlarining mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilinar ekan. Demak, murojaatchilar aynan qaysi vaqtda soha vakillarini bilan bog‘lanish vaqti aniq ko‘rsatilgan! 1003 raqamini terishimiz bilan tezda rus va o‘zbek tilida javob berishdi. Murojaatlar ikki yo‘nalishda, sog‘liqni saqlash, ayollar va qizlarga ko‘rsatiladigan akusher ginekologik tibbiy yordam bo‘yicha qabul qilinar ekan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining saytida yagona va ishonch telefoni raqamlari, ularning joylashgan joyi, tushlik vaqti va dam olish kunlari ko‘rsatib o‘tilgan. 239-41-12. Operator bizdan qanday masalada murojaat qilayotganimiz bilan qiziqib, agar ish beruvchi bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, inspektorga ulab berishini ma’lum qildi. Boshqa masalalarga javoblar o‘n besh ish kunida berilar ekan.

“O‘zstandart” agentligining saytida “Yagona ishonch telefoni raqami berilgan 150 23 00. Bir necha marta qo‘ng‘iroq qilinishiga qaramay bog‘lana olmadik. Doim band. Ro‘yxat asosida Navoiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildik. Javob berishdi. Ulardan ishonch telefoni orqali bir kunda qancha murojaat bo‘layotganini so‘radik.

- Raqamlarni gazetalarda e’lon qilib, bozorlar atrofiga yopishtirib qo‘ygan bo‘lsakda bizga ko‘p ham murojaat bo‘lavermaydi,-deydi Fotima Sariboyeva. – Ertayu, kech hatto tushda ham telefon yonida bo‘lamiz. Oxirgi marta mahsulotini bozorga kiritishmagani uchun yordam so‘rab shikoyat qilishgandi. Qonun doirasida masalani ko‘rib chiqqanmiz.

Bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari ma’lum bo‘lsa Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati “Ishonch telefonlari” orqali xabar qilishingiz mumkin. Ro‘yxatga qarab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdik. Go‘shakni olgan mas’ul shaxsning aytishicha, ishonch telefoni navbatchilik qismiga ulangan va oxirgi murojaat o‘tgan yilning noyabrida bo‘lgan ekan. Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparatining ishonch telefoniga javob berayotgan navbatchining ma’lum qilishicha, joriy yilning 15-sentyabrida fuqarolar murojaati bilan ishlash bo‘limi ochilishi mo‘ljallanayotgan ekan. Shunda ishonch telefoni bilan ana shu bo‘lim mas’ullari shug‘ullanar ekan.

O‘zpaxtasanoat aksiyadorlik jamiyatining 120 42 64, 120 42 65 raqamli “Ishonch telefoni”ga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilsak-da hech kim javob bermadi. Toshkent shahar adliya boshqarmasining “Ishonch telefoni” ham qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Toshkent shahar adliya boshqarmasi “Ishonch telefoni” avtojavobga ulab qo‘yilgan, lekin go‘shakni olishmaydi. Qashqadaryo va Andijon viloyat hokimligida ham shu ahvol.

Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastr boshqarmasiga joriy yilning o‘tgan davrida yettita qo‘ng‘iroq bo‘libdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20 foiz kam ekan. Bo‘lim

boshlig‘i Aziz Xojiboyev buni tizimda ishlari sifatli bajarilayotgani bilan izohladi.

“Trastbank”da barcha savollarimizga hozirjavoblik bilan javob berishdi.

– Bizdan ko‘pincha kreditlar va omonatlarning foizlari haqida so‘rashadi,–deydi Murojaatlar bilan ishlash departamenti direktori Shahlo Xanbabayeva.– Ularning orasida kreditlarni kechikayotgani haqidagi murojaatlar ham bor. Vaholanki, bugungi kunda sarmoya so‘rayotganlar soni shu qadar ko‘pki, ularning ketma-ketlikda ko‘rib chiqishga ulgurmayapmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 244-98-98 raqamli “Ishonch telefoni” kuniga 150 ortiq qo‘ng‘iroqlar bo‘lar ekan.

– To‘g‘ri ular faqat shikoyat ko‘rinishida emas, maslahat so‘rovchilar ham bor, –deydi navbatchi qism mas’uli Farobiy Salimov.– Lekin, kuniga yigirmaga yaqin shikoyat bo‘ladi. Ularning aksariyati savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida savdo qoidalarining buzilganligi, to‘lovlarni plastik kartochkalari orqali amalga oshirishda terminal apparatlari ishlatilmayotganligi, chek berilmagani, tegishli hujjatlarsiz mahsulotlar sotilayotgani kabilar yuzasidan bo‘lmoqda. Qo‘mitamizda soliq to‘lovchilar bilan bevosita aloqada bo‘lish orqali ularning murojaatlarini o‘rganib borish va yuzaga kelayotgan muammolarning yechimini topishga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Qayd etish joizki, biz bu maqolada barcha vazirlik va tashkilotlarning “Ishonch telefoni” haqida fikr yurita olmadik. Ularning to‘liq qamrab olishning iloji ham yo‘q.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 031