O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 12:58 Chop etish versiyasi

Ishonch telefoni – ijtimoiy himoya belgisi

Ishonch telefoni – ijtimoiy himoya belgisi

Maʼlumotlarga koʻra, butun dunyoda har uchinchi ayol hayoti davomida u yoki bu turdagi zoʻravonlikka duch kelar ekan. Ayollarga nisbatan bunday munosabat har qanday jamiyat uchun inson huquqini poymol qilish bilan bogʻliq boʻlgan juda jiddiy muammo sanaladi.

Mamlakatimiz xotin-qizlari odatda bunday holatga duch kelgan taqdirda, qoʻrqqanidan yoki istihola qilibmi, hatto yaqinlariga ham bu haqda aytishmaydi. Ana shularni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi “1146” yagona telefon raqamlarini ishga tushirdi. Bu haqda Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Ishonch telefoni” zoʻravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlarimizga ogʻir vaziyatdan chiqishlariga yordam berib, ruhiy, huquqiy hamda tibbiy koʻmak berish maqsadida tashkil etildi. Bunda ayolning xohishiga koʻra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanadi.

Zarur hollarda, jabrdiyda ayollar respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan Ijtimoiy moslashuv markazlariga (shelterlarga) joylashtiriladi. Boshlangʻich bosqichda “Ishonch telefoni“ test rejimida ishlaydi.

OʻzA