O‘zA O`zbek

06.08.2018 19:28 Chop etish versiyasi

“Ishonch“ obod bo‘lmoqda, ammo...

“Ishonch“ obod bo‘lmoqda, ammo... Sirdaryo viloyati Guliston tumanidagi Ishonch va Chortoq mahallalarida “Obod qishloq” dasturi doirasida 19 milliard 800 million so‘mlikdan ziyod qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.

Ishonch mahallasida 1 ta umumta’lim maktabi, viloyat ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar ot sporti maktabi, qishloq vrachlik punkti mavjud. Shuningdek, 26 fermer xo‘jaligi, 7 yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Mahalladagi maktabgacha ta’lim muassasasi ko‘p yillar avval yopilgan.

“Ishonch” mahalla fuqarolar yig‘ini Guliston tumanining shimoli-sharqidagi chekka qishloq bo‘lib, viloyat markaziga yaqin hududda joylashgan. Bu yerdagi 355 xonadonda 1 ming 800 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Viloyat markaziga shu qadar yaqin bo‘lsa-da, qishloq ahli tabiiy gaz va ichimlik suvi yetishmasligidan bir necha yillardan buyon aziyat chekib keladi.

Fermerlar dalasiga o‘tgan ariqdan qishloq chetidagi ikki ko‘chada joylashgan aholi tomorqasi suv ichar ekan. Ammo undan mavsumga qarab, fermer xo‘jaliklariga suv zarurati unchalik tug‘ilmagan paytda foydalanish mumkin.

– Tuman hokimi boshchiligida mutaxassislar kelib aholi tomorqasiga oqar suv keltirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqdi, – deydi mahalla faoli Bahodir To‘ychiyev. – Chizmalar chizilib, kerakli ma’lumotlar yozildi, “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Oqar suv lotokda olib kelinadi, deyishdi. To‘g‘ri, dasturda ko‘rsatilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo oqar suv bo‘yicha o‘sha chizmalardan boshqa biror ish qilinganicha yo‘q. Yerimiz serhosil, tuprog‘imiz unumdor. Yozning issiq kunlari chekinmay oqar suv kelganida edi aholi tomorqasiga to‘qsonbosti ekinlar ekib, qancha odam ishli bo‘lar, oilaviy daromad ko‘paygan bo‘lardi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ham qoniqarsiz ahvolda. Ko‘p yillardan buyon mahalla ahli toza ichimlik suvini tashib yoki sotib olib iste’mol qiladi.

“Obod qishloq” dasturiga ko‘ra, mahallaning ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida hududda 4,2 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 1 dona tik quduq, 1 dona suv minorasi qurish uchun 620 million so‘m mablag‘ sarflash rejalashtirilgan. Bugungi kunga kelib tik quduq qazish ishlari nihoyasiga yetkazildi. 4,2 kilometr masofaga suv tarmog‘i uchun ariqchalar qazish ishlari bajarildi. Lekin hozircha suv quvurlari keltirilganicha yo‘q.

– Mahallaning ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanishi uchun qo‘shimcha yana 1 ming 200 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi lozimligi xususida tuman hokimligiga yozma murojaat qilganman, – deydi “Ishonch“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Valijon Hayitov. – Chunki mahallamiz hududida yangi qurilgan 34 xonadon rejaga kirmay qolgan. Shuningdek, bizga tegishli bo‘lgan hududdan qo‘shni mahallalar, Guliston shahri, Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar yer uchastkasi olgan. Hozirda 230 xonadon hovli joyini bitkazib, ko‘chib kirgan. Ushbu xonadonlarda yashovchi fuqarolar hali bizning hisobimizga kirmagan bo‘sa-da, erta-indin ularni ham hisobga kiritishga to‘g‘ri keladi. Negaki, u joy ham bizning mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga qarashli. U yerda istiqomat qiluvchi aholi ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan Guliston shahriga tegishli tarmoq idoralari tomonidan ta’minlangan. Ko‘chalariga shag‘al, ko‘cha chetiga lotok yotqizish ishlari tuman hisobidan amalga oshirilishi lozim, chunki bu joy bizning hududimizda. Shu bois ham u yerdagi ko‘chalarni ta’mirlash ishlari dasturga kiritilishini so‘rab murojaat qilgan edim. Hozircha ko‘chalarga shag‘al yotqizildi, lotoklar esa hali olib kelingani yo‘q.

Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash maqsadida dasturga ko‘ra mahallaga 2 ta transformator punkti, 221 dona yangi beton simuzatgich ustunlar o‘rnatilishi, 5,5 kilometr masofaga yangi elektr tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan. Mahallaga ayni paytda 130 dona yangi beton simuzatgich ustuni o‘rnatilib, 3,58 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortilgan.

Dastur doirasida mahalla xonadonlarini tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlash uchun 1,5 kilometr yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortish, 4,5 kilometr tabiiy gaz tarmog‘ini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ayni paytda 1,1 kilometr yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortilib, 2,7 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilindi. Bu boradagi ishlar ham qizg‘in davom ettirilmoqda.

Mahallada mavjud 11 ichki va xo‘jaliklararo yo‘llarning 15 kilometrini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Shundan 12 kilometr ichki va xo‘jaliklararo yo‘l ta’mirlangan, qolgan ko‘chalarda ish davom etayotir. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosida rekonstruksiya ishlari yakunlandi.

Mahalladagi 270 o‘ringa mo‘ljallangan 25-umumta’lim maktabida “Ulug‘bek” xususiy korxonasi mukammal ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.

– Loyihalashtirilgan 1 milliard 402 million so‘m mablag‘ning 15 foizi hisobraqamimizga o‘tkazib berildi, – deydi “Ulug‘bek” xususiy korxonasi rahbari Xayrulla Qurbonov. – Quruvchilarimizning harakati bilan belgilangan ishning 70 foizini oxiriga yetkazdik. Maktabni Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayramiga foydalanishga topshiramiz.

“Abror” xususiy korxonasi quruvchilari esa mahalladagi qishloq vrachlik punktida ta’mirlash ishlarini amalga oshirmoqda. 240 million so‘mlik loyiha qiymatiga ega ushbu obyektdagi ta’mirlash ishlari yaqin kunlarda yakuniga yetadi. Qarovsizlikdan tashlandiq holga kelib qolgan hammom binosi ham tubdan qayta quriladi.

Hududda zamonaviy savdo majmuasi qurishni maqsad qilgan yakka tartibdagi tadbirkor X.Rafiyevaga tuman hokimining qaroriga asosan yer maydoni ajratib berilgan. Ammo bu yerdagi quruvchilar ishida nima sababdandir shijoat yetishmayapti. Ish unumi ham ko‘zga tashlanmaydi.

Mahallada xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurish ham belgilangan. Yakka tartibdagi tadbirkor U. Kupayevga tuman hokimining qaroriga asosan yer maydoni ajratib berilgan. Tadbirkor tomonidan MTMning loyihasi tayyorlanib, tijorat bankiga kredit mablag‘lari olish uchun taqdim qilingan. Ammo quyoshli kunlar o‘tib borayotganiga qaramay, yangi MTM binosi poydevoriga hali bir dona ham g‘isht qo‘yilmagan.

“Obod qishloq” dasturi bo‘yicha “Ishonch“ mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilgan ishlar kishini quvontiradi, albatta. Ammo qurilish-ta’mirlash jarayonida shijoat yetishmayotgani biroz ranjitadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 594