O‘zA O`zbek

10.09.2018 19:07 Chop etish versiyasi

Ishlaydigan davrimiz keldi

Munosabat

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5 sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni tizimni boshqarishning samarali mexanizmlarini amaliyotga joriy etish, yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishga xizmat qiladi. Shuningdek, oʻquv-tarbiya jarayonida taʼlimning innovatsion shakllari va usullarini qoʻllashga koʻmaklashadi.

Mazkur farmon taʼlim muassasalari xodimlari zimmasiga ortiqcha vazifalarni yuklash, kasbiy faoliyatga asossiz aralashuv, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan maktablarni ortiqcha tekshirish kabi samarasiz mexanizmga barham beradi.

Endilikda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan maktablar negizida tarmoqli maktablarni tashkil etish, ushbu tarmoqqa past koeffitsiyentli maktablarni kiritish borasidagi harakatlar biz, rahbarlarning masʼuliyatimizni ham oshiradi. Pedagoglarning oʻziga boʻlgan talabini kuchaytiradi. Eng sara, bilimli, salohiyatli kadrlarni sohaga jalb etish mexanizmi ishga tushadi. Bu esa farzandlarimizning yaxshi taʼlim-tarbiya olishi, bilimlarini mustahkamlashida muhim ahamiyat kasb etadi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumtaʼlim muassasalari faoliyati samaradorligi boʻyicha tuzilgan reyting natijalari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi sogʻlom raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi. Bu reytingni koʻtarishga boʻlgan intilish taʼlim sifatining oshishida muhim omil boʻladi.

Taʼlim tizimida kadrlar masalasi ogʻriqli nuqtaga aylanib borayotgan edi. Maxsus sirtqi taʼlimining qayta ochilgani, umumtaʼlim muassasalari xodimlari boʻlgan pensionerlarga, ularning taʼlim muassasasidagi faoliyati asosiy ish joyi hisoblangan taqdirda, pensiya toʻliq miqdorda toʻlanishi haqidagi imtiyozlar tizimdagi muammolarni hal etishga koʻmaklashadi.

2019 yil 1 martdan boshlab davlat umumtaʼlim muassasalariga oʻquvchilarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash barobarida, korrupsiyaning oldini oladi.

Xalq taʼlimi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan maktablarda ham keng imkoniyatlar yaratadi.

Ayni vaqtda maktabimizda “Obod mahalla” dasturi ijrosi doirasida taʼmirlash ishlari yakuniga yetay deb qoldi. Bunga ikki milliard soʻm mablagʻ sarflanmoqda. Shu jarayonda umumtaʼlim muassasalarining xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari, yongʻinga qarshi signalizatsiya tizimini ishga tushirish, kirish yoʻllarida qoidabuzarliklarni qayd etuvchi qurilmalarni oʻrnatish kabi chora-tadbirlarni amalga oshirishga ham eʼtibor qaratmoqdamiz.

Kelgusida ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish haqidagi loyihaning hayotga tatbiq etilishi, avvalo, ota-onalarni, biz, pedagoglarni juda quvontirdi.

Tez orada maktablar, oʻquv sinflari ichini yangi qulay mebellar, zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, darsliklar, oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash ishlari amalga oshiriladi.

Oʻquv rejalari va dasturlarini muqobillashtirish, innovatsion, masofaviy pedagogik usullardan keng foydalanish, ushbu jarayonning samaradorligini oshirish maqsadida umumtaʼlim muassasalarining rahbar va pedagogik xodimlari malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bu boradagi amaliy saʼy-harakatlar farzandlarimiz kamoli uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yuksak salohiyatli kadrlarni sohaga jalb etish, huquqiy asoslar orqali sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan. Shunday ekan, mazkur islohotlar jarayonida faol boʻlish, masʼuliyat bilan yondashishni pedagoglik burchimiz, asosiy vazifamiz, deb bilamiz.

Muhtaram YAKUBOVA,
Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek
tumanidagi 256-umumtaʼlim
maktabi direktori.

OʻzA
1 977