O‘zA O`zbek

29.07.2020 Chop etish versiyasi

Ishlab chiqarish imkoniyati yana-da oshadi

Ishlab chiqarish imkoniyati yana-da oshadi

Xoʻjaobod tumanida yiliga 16 ming dona temir-beton ustunlar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona barpo etilmoqda.

Andijonda karantin sharoitida korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatini barqarorlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

photo5265215861914972128.jpg

Xususan, “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish davlat dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish, ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ishlab chiqarish xarajatlari va foydalanilayotgan mahsulotlar tannarxini kamaytirish maqsadida temir-beton ustunlar ishlab chiqarish korxonasi qurilmoqda.

Ayni kunda Xoʻjaobod tumani elektr tarmoqlari korxonasi hududidan 50 sotix yer ajratilib, qurilish ishlari olib borilmoqda.

photo5265215861914972126.jpg

Umumiy loyiha qiymati 3 milliard soʻm boʻlgan gemir-beton tayanchlar ishlab chiqarish sexi qurilishi va zarur jihozlarni olib kelish, oʻrnatish va ishga tushirish boʻyicha “CAMELWAY CHINA” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma tuzilgan. Ayni kunda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda, shu bilan birga, xitoylik mutaxassislar tomonidan zarur jihoz va dastgohlar olib kelib oʻrnatilmoqda.

–Hozirga qadar korxonamiz tomonidan temir-beton ustunlar qoʻshni viloyatlardan olib kelinadi, – deydi “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Ahadjon Joʻrayev.

photo5265215861914972127.jpg

– Taʼkidlash kerakki, korxona ishga tushgach viloyat elektr tarmoqlari tizimida temir-beton ustunlarga boʻlgan ehtiyoj asosan shu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar hisobidan toʻla qoplanadi. Bu korxonamizga maʼlum miqdordagi mablagʻni iqtisod qilish hamda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, yangi korxona ishga tushishi hisobiga 20 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi.


5 610
F. UBAYDULLAYEV, Z. UMURZOQOV (surat), OʻzA