O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:13 Chop etish versiyasi

ISHID iqtisodiy tanazzulga uchramoqda

Nozima Toshpoʻlatova,

Qirgʻizistondan OʻzA uchun maxsus

Bu haqida Qirgʻizistonning Bishkek shahrida boʻlib oʻtayotgan “Tajovuzkor ekstremizmning oldini olishga oid saʼy-harakatlar va OAVning oʻrni” ga bagʻishlangan xalqaro forumda “De Sales University“ dotsenti Ahmet Yayla taʼkidlab oʻtdi. Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyodan qoʻshilgan kishilar dastlab yaxshi mablagʻ toʻlangani sababli ham Suriyaga borib, ularning safiga qoʻshilgan, degan fikrlar bor. Birgina neft savdosidan ISHID 2016 yilgacha kuniga 3 million 600 ming AQSH dollaridan koʻproq foyda olgan, shuningdek, tarixiy ashyolar va odam savdosi hisobiga moʻmay daromad koʻrgan boʻlsa, keyinchalik uning iqtisodiy manbalari cheklana boshlandi va tashkilot xarajatlarini ham qisqartira bordi.

Aytaylik, avvallari u har bir jangchiga kuniga 500 AQSH dollari bergan boʻlsa, keyinroq bu 250 dollarga tushdi va oxir oqibat ularga umuman toʻlamay ham qoʻygan. Markaziy Osiyodan ular safiga jangchilarning qoʻshilishini faqat iqtisodiy foyda bilangina bogʻlash fikriga esa qoʻshilmayman. Bu yerda kuchli ideologik front ishi ham bor.

Bugun ISHIDning eng asosiy quroli, bu – ijtimoiy tarmoqlardir. Biz odamlar qanday qilib terrorchi boʻlib qolganiga kam eʼtibor qaratamiz. Ularni qanday qilib oʻzlariga jalb qilishmoqda? Ayni shu borada tadqiq qilish kerak boʻlgan jihatlar koʻp.

Oʻtgan yili ISHIDda boʻlinish boʻlgani va ular endilikda Afgʻoniston orqali Markaziy Osiyoda oʻz taʼsirini oshirishga harakat qilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bu xavf ehtimolini qanday baholaysiz, degan savolga Ahmet Yayla bu fikrga qoʻshilmasligini va bugungi kunda ichki boʻlinish emas balki, Pokiston, Sharqiy Osiyo va Afgʻonistonda oʻzining hamkorlarini orttirishga boʻlgan intilishni kuzatayotganini aytib oʻtdi.

Konferensiya ishi ertaga davom ettiriladi.



OʻzA
451