Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2018 19:58 Chop etish versiyasi

Ishga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarni muqaddam sudlangani yoki yaqin qarindoshlari sudlanganligi sababli ishga qabul qilmaslikka yo‘l qo‘yilmaydi

“Yaqin qarindoshlari sudlangan, deb fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq noma’qul yondashuv tufayli ko‘plab yoshlarimiz, malakali mutaxassislarimiz “beayb aybdor bo‘lib”, yaqin qarindoshlarining qilmishlari uchun jabr tortib keldilar.

Demokratik normalarga ham, hayotning bugungi talablariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bunday adolatsiz “tizim”dan biz endi butunlay voz kechamiz”.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu fikrlari xalqimiz tomonidan katta xayrihohlik bilan kutib olingandi.

E’tiborlisi, bu fikrlar amalda – qonunda o‘z ifodasini topdi.

Bugun, ya’ni 2018-yil 19-aprelda matbuotda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiningqator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi.

Shu jumladan, Mahnat kodeksining “Ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi” deb nomlangan 78-moddasi ikkinchi qismiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritildi.

Mazkur modda birinchi qismida ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi qismida esa ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanuvchi jihatlar ko‘rsatilgan.

Shu paytgacha kodeks 78-moddasi ikkinchi qismida:

kodeks 6-moddasining birinchi qismi talablarining buzilishi; ish beruvchi tomonidan taklif qilingan shaxslarni ishga qabul qilmaslik; ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasi tuzishi shart bo‘lgan shaxslarni (belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarni; homilador ayollarni va uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarni — tegishincha ularning homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilib) ishga qabul qilmaslik; qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar nazarda tutilgan edi.

Endilikda yangi qonun bilan mazkur qism “muqaddam sudlangan shaxslarni ishga qabul qilmaslik, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno, yoxud shaxslarni ularning yaqin qarindoshlari sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilmaslik” degan so‘zlar bilan to‘ldirildi.

Ko‘rinib turibdiki, bundan buyon ishga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarni muqaddam sudlangani yoki yaqin qarindoshlari sudlanganligi sababli ishga qabul qilmaslik qonun bilan taqiqlanadi.

Shu paytgacha amaliyotda bunday muammoga duch kelayotganlar kam emas edi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tahlili natijalari ham shuni ko‘rsatgan.

Prezidentimiz tashabbusi asosida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun bilan fuqarolar mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilgani ko‘plab ko‘ngillarda umid uchqunlarini yoqdi. Katta harflar bilan yozilajak ADOLAT qaror topdi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
4 514