O‘zA O`zbek

26.08.2018 12:31 Chop etish versiyasi

Ishchi - xodimlarning ishonchli himoyachisi

Ishchi - xodimlarning ishonchli himoyachisi Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan mustahkam tuzilmaga aylandi.

Federatsiyaning korxona va tashkilotlardagi boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ishchi xodimlarning qonuniy manfaatlarini taʻminlashga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Ishchi-xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlari tarmoq kelishuvlari va jamoa shartnomalari orqali mustahkamlanayotir. Ishchi-xizmatchilarning unumli mehnat qilishi, munosib dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Salomatligini tiklash va sogʻlom turmush tarzini shakllantirish ham kasaba uyushmalarining muhim vazifalaridan biriga aylangan. Oʻzbekiston isteʻmol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Surxondaryo viloyatida boshlangʻich tashkilotlari safi kengayib borayotgani bunga yaqqol misoldir.

– Ayni paytda tashkilotimiz viloyatda 33 ming 600 dan ortiq aʻzoni oʻz safiga birlashtirgan,– deydi Oʻzbekiston isteʻmol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Surxondaryo viloyati boʻyicha masʻul tashkilotchisi X. Qoʻzimurodov. – Ularning 15 mingga yaqini akitsiyadorlik jamiyatlari, chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar, xususy korxonalar va masʻuliyati cheklangan jamiyatlarda mehnat qilmoqda, aholiga savdo va boshqa xizmatlar koʻrsatayotir. Joriy yilning oʻtgan davrida yangidan tashkil etilgan Termiz shahridagi “Surxon ipagi”, “Amudaryoteks”, “Toza hudud”, Angor tumanidagi “Biotexnoeko” singari masʻuliyati cheklangan jamiyatlari, Angor tumanidagi “Huashen Solkworm Pro”, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Norteks” qoʻshma korxonalari va boshqa oʻnga yaqin subyektlar ishchi-xizmatchilari kasaba uyushmasiga aʻzo boʻldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 10-11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Angor tumanidagi “Huashen Silkworm Pro” Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma korxonasi loyihasi bilan tanishib, xorij sarmoyasi ishtirokidagi korxonaning samarali faoliyat yuritishi uchun tegishli tavsiyalarni bergan edi. Shunga asosan zamonaviy dastgohlar oʻrnatilgan korxona tez, sifatli barpo etilib, raqobatbardosh ipak qurti urugʻi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Loyiha qiymati 8,5 milliard soʻmlik yangi korxonada oʻtgan yili 11,5 ming quti ipak qurti urugʻi ishlab chiqarilib, joriy yilgi mavsumda mamlakatimizning Andijon, Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryo viloyatlariga tarqatildi. Shu kunlarda qoʻshma korxonada kelgusi yil hosili uchun urugʻ tayyorlash qizgʻin davom etmoqda.

– Korxonamizning ishga tushirilgani yurtimizda sanoat uchun zarur xom ashyo – pilladan ikki-uch marta hosil olish imkoniyatini yaratdi, –deydi qoʻshma korxona direktori oʻrinbosari X.Berdiyev.– Shu kunlarda uchinchi hosil uchun ipak qurti parvarishlanayotir. Bu yilgi hosil uchun Xitoy urugʻini yetishtirgan boʻlsak, kelgusi yil pillakorlarimiz Yaponiya va Xitoyning ipak qurtidan chatishtirilib, mahalliylashtirilgan urugʻdan foydalanadi. Buning afzalligi shundaki, Xitoyning ipak qurti sermahsul boʻlsa, Yaponiya urugʻi kasallikka chidamliligi bilan bizda katta qiziqish oʻygʻotdi.

Qoʻshma korxona faoliyatini kengaytirib, ishlab chiqarish turlarini koʻpaytirish uchun hindistonlik ishbilarmonlar bilan quruq choy ishlab chiqarish texnolgiyasini oʻrnatishga hozirlik koʻrmoqda. Hozir zamonaviy korxona sexlarida 120 ishchi mehnat qilayotgan boʻlsa, mazkur loyihalar ishga tushgach, ishchilar soni 300 nafarga yetadi.

Joriy yilda boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkiloti tuzilgan qoʻshma korxonada ishchi-xizmatchilarning unumli mehnat qilishi va boʻsh vaqtlarida mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur qulaylik yaratilmoqda.

– Ishchilar ikki mahal bepul issiq ovqat bilan taʻminlanayotir, –deydi qoʻshma korxona boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkiloti raisi A. Islomov.– Dam olish xonalarida barcha sharoit mavjud. Ishchilar korxonaga kelish va ishdan soʻng uyiga ketishida bepul avtobus xizmatidan foydalanmoqda. Bundan tashqari, ishchi-xodimlarning farzandlari yozgi dam olish kunlarida bolalar oromgohiga yoʻllanma bilan taʻminlandi. Ishchilarning mehnat taʻtilida sogʻligʻini tiklashi uchun nufuzli sanatoriylarga imtiyozli yoʻllanmalar berish yoʻlga qoʻyilayotir. Eng muhimi ijtimoiy-iqtisodiy himoyasi kuchaytirilib, sogʻlom turmush tarzi barqarorligini taʻminlashga yordam berilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxonadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida loyihasi taqdim etilgan“Bio texnoeko”masʻuliyati cheklangan jamiyati qisqa vaqtda qurilib, ishga tushirildi. Hozir korxonada 150 dan ortiq kishi mehnat qilib, hududlar obodligi va mahalla-kuy tozaligini saqlashga xizmat qilmoqda. Termiz shahri, Angor va Termiz tumanlaridagi maishiy chiqindilarni yigʻib, saralash bilan shugʻullanayotir. Korxonaning ikkinchi boqichida shishadan mozaika va plitkalar, foydalanilganplastmassadan polietilenquvurlar, yogʻoch chiqindilaridan briket, qogʻoz chiqindisidan karton va qayta ishlangan qogʻoz, oziq-ovqat chiqindilaridan biogaz va biogumis ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi. Biogumis shu yerning oʻzida barpo etiladigan mevali bogʻni toʻyintirish uchunishlatiladi.

– Yangi korxonamizda tashkil etilgan boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotiga barcha ishchilarimiz aʻzo boʻldi, – deydi qoʻshma korxona boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkiloti raisi S. Xursandov.– Biz aʻzolarimizning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini taʻminlab, jamoa shartnomalarining bajarilishiga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Mehnatkashlar va ularning oila aʻzolari oʻrtasida jismoniy tarbiya hamda sportning ommaviyligini taʻminlash orqali salomatligini mustahkamlashga eʻtibor kuchaytirilmoqda.

Shu yil ishga tushirilib, boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotini tuzgan “Surxon ipagi”, “Amudaryoteks”, “Toza hudud” masʻuliyati cheklangan jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishchi-xizmatchilarining unumli mehnat qilib, milliy iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshayotganida yaratilayotgan ana shunday qulayliklar, kasaba uyushmalari tomonidan ularni ragʻbatlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar oʻz samaralarini bermoqda.

Termiz shahridagi “Amudaryo” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida 26 avgust kuni “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim” shiori ostida kasaba uyushmasiga qamrab olingan viloyatdagi yangi korxonalar ishchi-xodimlari oʻrtasida tashkil etilayotgan spartakiada musobaqasi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat) OʻzA
3 131