O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Ishchi gurux xulosasi: Jizzaxda byudjet xodimlari paxtaga majburiy jalb qilinmagan

Ishchi gurux xulosasi: Jizzaxda byudjet xodimlari paxtaga majburiy jalb qilinmagan

Prezidentimiz BMT 75-Assambeliyasidagi tarixiy nutqida qator dolzarb masalalar qatorida Oʻzbekistonda majburiy va bolalar mehnatining toʻliq tugatilgani haqidagi bayonoti nafaqat mamlakatimizda dunyo hamjamiyati tomonidan zoʻr qoniqish bilan qabul qilgan paytda ijtimoiy tarmoqlardagi tarqalgan “Jizzaxda byudjet xodimlari va tadbirkorlar paxta terimiga majburlanmoqda” degan xabar koʻpchilikda nohush kayfiyat uygʻotdi.

Bu haqda “OzodlikOK.ru” da berilgan maqolada “Jizzaxdagi tashkilotlardan birining xavfsizlik sabab ismi ochiqlanmasligini soʻragan xodimiga koʻra, ulardan paxta terimiga borish talab qilinmoqda” deyiladi. Maqolada “Majburlash boʻlyapti. Har bir tashkilot xodim soniga qarab, terimchi yollashi belgilangan. Xodim oʻzi chiqadi yoki oʻrniga hasharchi chiqarishi aytildi”, deyiladi.

Shuningdek, ushbu maqolada “.... 24-sentyabrda Arnasoydagi paxta shtabi bilan bogʻlandi. Shtab xodimiga koʻra, viloyatning turli tashkilotlaridan Arnasoyga jami 3000 terimchi kelishi rejalangani...” yozilgan.

Paxta terimiga majburlab chiqarish yaqin oʻtmishda oddiy hol boʻlgani uchun internet foydalanuvchilar ushbu maqolada yozilganlarga ham osongina ishonishi mumkin. Biroq mamlakatimizda majburiy mehnatga qonuniy chek qoʻyilgan, bu huquqbuzarlikka qarshi kurash olib borilayotgan paytda bu hol qanday sodir etilishi mumkin?

Respublikamizning barcha viloyatlari kabi bu yil Jizzaxda ham yetishtirilgan hosilni band boʻlmagan aholini shartnoma asosida terimga jalb etish, mashina terimini kuchaytirish yoʻli bilan yigʻishtirib olishga eʼtibor qaratilayotir. 

Ayni paytda viloyatda joriy yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan nazoratni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi faoliyat koʻrsatmoqda.

“OzodlikOK.ru” saytida eʼlon qilingan maqola yuzasidan ushbu ishchi guruh rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputati Anvar Toʻychiyev OʻzA muxbirlariga quyidagilarni maʼlum qildi:

“Ushbu maqolada keltirilgan iddolar ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqildi. Avvalo maqolada xabar bergan manbalarning mualliflari koʻrsatilmagani keltirilgan dalillarning haqqoniyligi shubha uygʻotdi. .

Maqolada keltirilgan dalillar ishchi guruh tomonidan joyiga chiqib oʻrganilganda, maskur sayt xodimlari bilan Arnasoy tumani mutasaddilarining 24-sentyabr kuni “telefon orqali suhbat”i umuman boʻlmagani maʼlum boʻldi.

Tumanda band boʻlmagan aholi va tuman bandlikka koʻmaklashish markazi oʻrtasida paxta yigʻim-terimida ishtirok etish boʻyicha 3 ming 338 nafar koʻngilli bilan shartnoma imzolangan boʻlib, ularning ming nafardan ziyodi dalada paxta termoqda.Terimchilar aholi xonadonlari va dala shiyponlariga joylashtirilib, 3 mahal issiq ovqat bilan taʼminlanmoqda.

Shuningdek, xabardagi “Arnasoy tumaniga terimchi joʻnatishi lozim boʻlgan 5 ta tashkilotning roʻyxati bor..” deya koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlar xodimlari bilan Respublika ishchi guruhi tomonidan suhbat oʻtkazildi. Oʻtkazilgan suhbat va oʻrganish davomida maqolada nomlari keltirilgan tashkilot xodimlari majburiy tartibda paxta terimiga jalb etilmagani maʼlum boʻldi.

Shuni alohida taʼkidlab oʻtmoq lozimki, Respublika ishchi guruhi har kuni belgilangan grafik asosida tumanlarga chiqib, majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan monitoring ishlarini olib bormoqda.

Qonun buzilishi holatlari aniqlanganda, mavjud xato va kamchiliklarni oʻz joyida bartaraf etilishi, zarur holatda masʼullarga nisbatan tegishli choralar koʻrib borilishi hamda terimchilarning qonuniy manfaatlari himoyasida boʻlishi taʼminlanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan maqolada na muallif, na xabar beruvchining shaxsi keltirib oʻtilmagan. Xabarda manbaning koʻrsatilmagani ushbu maqola jamoatchilikning fikrini chalgʻitish uchun ataylab toʻqilgan yolgʻon ekanligini koʻrsatib turibdi”, deyilada ishchi gurux xulosasida.

979
T. BEKNAZAROV, OʻzA