O‘zA O`zbek

23.08.2018 14:08 Chop etish versiyasi

Ishchi guruh joylarda dasturlarning ijrosi bilan tanishdi

Ishchi guruh joylarda dasturlarning ijrosi bilan tanishdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh Jizzax viloyati tumanlarida uyma-uy yurib “Obod qishloq”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturlari ijrosini, muammolarni, ularning yechimlarini oʻrganishdi.

Ishchi guruh vakillari ikki kun davomida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan 26 mahalla va qishloqlaridagi 1 ming 265 nafar kishi bilan uchrashib, ularning fikrlarini, murojaatlarini tingladi. Ushbu uchrashuvlarda oilalardagi kommunal sohada, tomorqa xoʻjaligi, tadbirkorlik, huquqiy himoya bilan bogʻliq 715 muammolar aniqlandi.

Aniqlangan muammolar, murojaatlardagi masalalar tegishli shahar, tuman tashkilotlari ishtirokida joylarda aholi vakillari, partiyaning hududiy yetakchilari ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvlarda muhokama etilib tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Shunday uchrashuvlardan biri Doʻstlik tumanidagi Manas qishlogʻida boʻlib oʻtdi. Aholi vakillari, partiyaning hududdagi boshlangʻich tashkilotlari rahbarlari ishtirokida oʻtgan ochiq muloqotda qishloqda “Obod qishloq” dasturi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlarning keng targʻib qilishda partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida oʻzaro fikr almashildi.

Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar partiya tomonidan aholi oʻrtasida maʻrifiy targʻibotni kuchaytirishda partiya hududiy tashkilotlari, partiyadan xalq deputatlari mahalliy kengashlarga saylangan deputatlar yetarli faollik, jonbozlik koʻrsatmayotgani qayd etildi. Respublika ishchi guruhi tomonidan bu yoʻnalishdagi kamchiliklarga eʻtibor qaratildi.

Yigʻilishda partiya tayanchi boʻlgan boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ular safiga faol, tashabbuskor aʻzolarni jalb qilish, kelgusi saylovlarga nomzodlar tanlash uchun yetakchilarni izlab topish borasida zarur tavsiyalar berildi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
1 561