O‘zA O`zbek

18.09.2020 Chop etish versiyasi

Ishbilarmon va saxovatpesha taʼminotchi

Ishbilarmon va saxovatpesha taʼminotchi

Xatirchilik Mardixol Yoʻldosheva qariyb 18 yildan buyon taʼminotchi. Navoiy viloyatining bir necha tumanlarini goʻsht, tuxum va sut mahsulotlari, shuningdek, parranda va qoramol bilan taʼminlab kelyapti.

Tinib-tinchimas Mardixol opa oʻtgan yili Ukrainadan 145 bosh “Smental” va “Golshteyn” zotli naslli chorva mollaridan olib kelib, tadbirkorlikka qiziquvchilar uchun yaxshi imkoniyat yaratgan edi. Joriy yilda esa pandemiya davridagi qiyinchiliklarga qaramay, Rossiyaning “Zolotaya Runa” firmasi bilan 301 bosh “Romanov” zotli naslli qoʻy olib kelish uchun shartnoma tuzdi.
photo_2020-09-18_19-43-17.jpg

– Yoshligimdan bir ishga kirishsam, oxiriga yetmaguncha koʻnglim tinchimaydi, – deydi tadbirkor M. Yoʻldosheva. – Yangilikkka qiziqaman. “Romanov” zotli qoʻylarning goʻshti isteʼmolimizdagi goʻsht narxidan oʻn barobar qimmatligini eshitib qiziqib qoldim. Oʻrganib chiqsam, bu qoʻylar issiq-sovuqqa chidamliligi va yungining qimmatligi hamda bir yilda toʻrttagacha nasl berishi bilan oʻzimizning qoʻylardan farq qilar ekan. Bundan tashqari, “Romanov” zotli qoʻylar bir kunda 2-3 litr sut berishini bilib, biz ham koʻpaytirib koʻrsak-chi, degan fikr uygʻondi.

1 milliard 50 million soʻmlik loyiha asosida Rossiyadan keltirilgan har bosh qoʻy isteʼmolchilarga 4 million soʻmdan yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, ushbu qoʻylarni koʻpaytirish, junini sotib berish masalalari ham taʼminotchining boʻynida.

photo_2020-09-18_19-43-24.jpg

Oʻttiz yildan buyon tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelayotgan Mardixol Yoʻldoshevaning jurʼatini, shijoatini koʻrib, tasanno, deysan kishi. Uning amalga oshirayotgan loyihalari nafaqat oʻz faoliyatini rivojlantirishga, balki jamiyatda ishsizlar sonining kamayishiga, iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligiga yangi yoʻnalishlarni olib kirishga, qolaversa, yurtimizning taraqqiy etishiga xizmat qilmoqda. Ayni paytda Mardixol opa xayriya va saxovat tadbirlarida koʻpchilikka namuna boʻlmoqda.

– Pandemiya davrida Malohat Yoʻldosheva homiylik asosida oʻzi yashaydigan Mirzo Ulugʻbek mahallasi ahliga 2,5 tonna un mahsuloti tarqatdi, – deydi xalq deputatlari Xatirchi tumani Kengashi deputati Gulchehra Aslonova. – Bundan tashqari, urush faxriylariga, kambagʻal oilalarga bir boshdan qoʻy ham hadya qildi. Bularning bari Mardixol opaning himmati baland tadbirkor ekanidan darakdir.

OʻzLiDeP Navoiy viloyat
Kengashi matbuot xizmati


5 552
OʻzA