O‘zA O`zbek

08.06.2018 19:26 Chop etish versiyasi

“Ishbilarmon ayol – 2018” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi

“Ishbilarmon ayol – 2018” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, fermer va tadbirkor ayollar safini yanada kengaytirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektor taraqqiyotida xotin-qizlarning faol ishtirokini kengaytirishga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan tanlovda 11 nafar faol ishbilarmon va tadbirkor xotin-qiz ishtirok etdi.

Dastlab, viloyat axborot-kutubxona markazida ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, qandolat mahsulotlari, ayollar, kelinlar va bolalar liboslari, zardo‘zlik, hunarmandlik va zargarlik buyumlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

– Xotin-qizlarimizni qancha ko‘p tadbirkorlikka yo‘naltirsak, shuncha ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratilib, ularning bandligi ta’minlanadi, – deydi O‘zLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi bo‘lim boshlig‘i S.Boboyeva. – Bugungi kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 2 mingga yaqin tadbirkor xotin-qiz partiyamizning doimiy e’tiborida.

Hakamlar hay’ati tanlov ishtirokchilarining innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishdagi faolligi, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlari yaratgani, eksportbop yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarayotgani kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratdi.

Boyovut tumanidan yakka tartibdagi tadbirkor Mohinur Orziqulovaning faoliyati e’tirof etilib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma berildi. Mohinur Boyovut yengil sanoat kasb-hunar kollejini bitirgan 6 nafar qizni ish bilan ta’minlagan. Uning rahbarligida tayyorlanayotgan erkaklar, ayollar, bolalar va maxsus ish kiyimlari, sportchilar liboslari viloyatdan tashqari Toshkent, Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida ham xaridorgirligi bilan e’tiborga munosib.

Shirin shahridan “Mo‘tabarbegim liboslari” xususiy firmasi rahbari Mo‘tabar Andayeva ikkinchi, Yangiyer shahridan yakka tartibdagi tadbirkor Sohiba G‘afforova hamda Sayxunobod tumanidan “Dilroz-Dilso‘z hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilfuza Ortiqova uchinchi o‘rinni egalladi.

Tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A.Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
5 623