O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 13:19 Chop etish versiyasi

Ish uslubining oʻzgartirilgani taraqqiyot garovi

Ish uslubining oʻzgartirilgani taraqqiyot garovi

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mavjud imkoniyatlarni ishga solish orqali boʻsh ish oʻrinlari yaratishga qaratilayotgan eʼtibor yaxshi samara bermoqda.

Tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashish, mulkdorlarning oʻziga tegishli boʻsh turgan ishlab chiqarish maydonlaridan oqilona va maqsadli foydalanish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish borasida koʻrilayotgan choralar samaradorligi ham koʻzga tashlanmoqda.

Ilgari xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlashda yondashuv va ish uslubining tubdan oʻzgartirilishi bir yarim mingdan ortiq faoliyat koʻrsatmayotgan, kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, oʻn ikki mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Ammo hali-hanuz hududlardagi davlatga va davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalarga tegishli boʻlgan, shuningdek, ajratilgan yer uchastkalarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilgan, sobiq jamoa va shirkat xoʻjaliklarini tugatish davrida sotib olinib, faoliyat koʻrsatmayotgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan obyektlar saqlanib qolmoqda.

Mazkur holat yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatining yoʻqotilishiga, ishlab chiqarish quvvatlarining maʼnan eskirishi va jismonan yemirilishiga olib kelayotgan boʻlib, ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrishni talab etmoqda.

Faoliyat koʻrsatmayotgan va foydalanilmasdan turgan obyektlar mulkdorlari, barcha darajadagi rahbarlarning mazkur obyektlardan oqilona va maqsadli foydalanilishi boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, korxonalarni faol xoʻjalik faoliyatiga jalb etish, shu asosda yangi ish oʻrinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentning joriy yil 4-sentyabrdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni tizimli tartibga solish va takomillashtirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qarorda ilgari xususiylashtirilgan obyektlarni xoʻjalik faoliyatiga jadal jalb etish boʻyicha amaldagi mexanizm mulk huquqining vujudga kelish asoslari va egallagan maydon hajmidan qatʼi nazar, barcha toifadagi qurilishi tugallanmagan obyektlar, boʻsh turgan binolar, noturar inshootlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlariga nisbatan tatbiq etiladi. Bu tizim mavjud imkoniyatlarni doimiy ishga solib borishni yoʻlga qoʻyadi. Natijada yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatlari kengayadi.

Endilikda doimiy monitoring natijalariga koʻra, tegishli hududdagi foydalanilmayotgan obyektlar aniqlanib, ularning roʻyxati shakllantiriladi. Ana shunday obyektlar faoliyatini tiklash, ishlab chiqarishni tashkil etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha “yoʻl xaritalari” va investitsiya loyihalari mulkdorlar bilan birga ishlab chiqiladi. Ahamiyatlisi shundaki, tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlamayotgan mulkdorlar, ishga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotganlarga qonunchilikda nazarda tutilgan taʼsir choralari qoʻllaniladi. 

Joriy yilning 15 sentyabridan boshlab davlat mulki boʻlgan, ammo foydalanilmayotgan obyektlar sotiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga beriladi.

Foydalanilmayotgan obyektlar mulkdorlari – yuridik shaxslarga soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni umumbelgilangan tartibda toʻlashga oʻtkazish choralari koʻriladi. Mol-mulk va yer soliqlarini ikki karra miqdorda toʻlash, 6 oy oʻtgandan soʻng – besh karra, 12 oy oʻtgandan soʻng va keyinchalik – oʻrnatilgan stavkaga nisbatan oʻn karra miqdorda toʻlash tizimi joriy etiladi. Bu esa harakatsiz mulkdorlarning faoliyati jadallashishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur qaror asosida faqatgina mulkdorlar jazolanar ekanda, degan fikrga borish xato. Chunki qonun hujjatlari bilan tadbirkorlik subyektlariga ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlarni berish vazifasi yuklangan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning aybiga koʻra investitsiya loyihasini amalga oshira olmagan mulkdorlarga qarshi choralar koʻrilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga idoralararo komissiya xulosasi belgilangan tartibda yetkazilganidan keyingi oyning 10 sanasiga qadar foydalanilmayotgan obyektlarning mulkdorlari – soliq toʻlovchilar tomonidan tegishli shakldagi soliq hisob-kitoblari taqdim etilmagan taqdirda idoralararo komissiya xulosasi asosida mol-mulk va yer soliqlarini oshirilgan stavkalar boʻyicha hisoblash va hisoblangan summalarni ularning shaxsiy kartochkalariga kiritish huquqi beriladi.

Qarorda belgilangan vazifalar yaqin bir oyda amalga tatbiq etila boshlanadi. Bu kabi islohotlar masʼuliyatning oshishi, oʻz vazifasini astoydil bajaradigan mulkdorlar qatlami shakllanishiga olib keladi. Ijobiy natija va samaraga erishish uchun esa qonuniy asoslarga tayangan holda mehnat qilishimiz muhimdir.

Muzaffar Namozov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi huzuridagi
Yuristlar malakasini oshirish
markazi tinglovchisi

OʻzA