O‘zA O`zbek

08.08.2018 16:33 Chop etish versiyasi

Ish, ish haqi, ishsizlik...

Ish, ish haqi, ishsizlik...
Ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan ushbu masalalar yechimi bormi?

Inson oddiy hayot kechirishi uchun u, avvalo, moddiy jihatdan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Buning aksi bo‘lsa-chi? Shunday bo‘lsa, bundan yomoni yo‘q. Bir burda nonga zor bo‘lib qolgan odam chorasizlikdan har narsaga tayyor bo‘lishi mumkin. Jinoyatlarning har to‘rtinchisi ishsizlar tomonidan sodir bo‘layotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bandlikni ta’minlashda ko‘plab tizimli muammolar hal etilmayotganiga e’tibor qaratdi.

Xo‘sh, mamlakatimizda ish bilan ta’minlanganlik yoki ishsizlik darajasi qanday?

Bu masalalarda, avvalo, aholining fikrini o‘rganish maqsadida internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda maxsus so‘rovnoma tashkil etdik.

Fasebookdagi “Xalq bilan muloqot” guruhida o‘tkazilgan so‘rovnomaga yuzdan ziyod kishi o‘z munosabatini bildirdi, ikki yuzga yaqin kishi o‘z izohlarini yozib qoldirdi. “Ish qidirib topa olmayotgan yoki ishga kira olmayotgan fuqarolar bormi? Ishga kirishda qanday to‘siqlarga uchragansiz?” kabi savollarga juda ko‘pchilik “qiyin savol”, “yurakni tirnaydigan muammo”, “ko‘pchilikning dardi”, deb fikr bildirgan bo‘lsa, ayrimlar ishga kirishda hamon tanish-bilishchilik va pora berish kabi illatlar rol o‘ynayotgani, korrupsiya barham topmayotganini qayd etgan.

Toshkent shahriga propiskaga qo‘yishdagi muammo ish ko‘p bo‘lgan poytaxtda ishlashga hamon yo‘l bermayotgani ko‘pchilikning dardi bo‘lib qolayotir.

Fikr qoldirganlarning deyarli yarmi esa ish borligi, lekin maosh kamligidan norozilik bildirgan. Nohaq ishdan bo‘shatilgan yoki umuman ish topa olmayotganlar o‘z dardini bo‘lishgan bo‘lsa, ishga qabul qilishdagi ayrim tengsizliklar bo‘yicha ham mulohazalar qoldirildi.

Masalan, yoshlar korxona va tashkilotlarga ish so‘rab borsa, ulardan ish tajribasi so‘ralmoqda. Tajribali, yoshi 45-50 yoshlilar ish qidirsa, yoshingiz o‘tgan, deyiladi. Qizlar ish qidirganda esa, bizga ko‘proq yigitlar kerak, degan javobni olishadi.

Aholi bularni katta nohaqlik, deb hisoblaydi. Zero, qonunlarimizda ish beruvchi bunday cheklovlar qo‘yishga haqli emasligi ko‘rsatilgan.

Albatta, foydalanuvchilar orasida ish ko‘pligi, uni qidirib topish kerakligi haqida mulohaza qoldirganlar ham bor. Ular ish topa olmayotganlarga ishga taklif etuvchi saytlarga kirishni maslahat bergan bo‘lsa, ayrimlar bir-biriga ish taklif etgani quvonarli hol bo‘ldi.

Yangi ish o‘rinlari tashkil etish, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlarida mavjud bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan aholini xabardor qilish, ish qidirayotgan fuqarolarga yordam berishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Mazkur vazirlikdan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning birinchi yarmida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ish qidirib murojaat qilgan fuqarolarning 333,4 mingtasi doimiy va vaqtinchalik ishlarga (xaq to‘lanadigan jamoat ishlari)ga joylashtirilgan.

Ular orasida kollej bitiruvchilari, jazo muassasalaridan ozod etilganlar, muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar va xorijda ishlab qaytgan mehnat muhojirlari salmoqli o‘rin egallagan.

Ish qidirayotgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 770 bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari yarmarkalari tashkil etilgan. Ularda 36,1 mingta ish beruvchi va 128,8 ming nafar ish qidirayotgan fuqarolar ishtirok etdi. Natijada 45,8 ming nafar shaxs ishga yo‘llanma oldi.

Ishsiz fuqarolarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash ham alohida e’tiborda. Ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar, jumladan, tikuvchilik va yengil sanoat, qurilish va kommunal xizmat ko‘rsatish, buxgalterlik, axborot-aloqa sohalarining asosiy mutaxassisliklari bo‘yicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari tashkil etilmoqda. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida tashkil etilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari banki”da mavjud vakant joylar talabi asosida kasbga tayyorlash maqsadli amalga oshirilyapti. Joriy yilning birinchi yarim yilligida 8,7 ming nafar ishsiz fuqaro iqtisodiyotda talab qilinayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlandi va qayta tayyorlandi.

Aholi bandligini ta’minlash sohasida qonuniylikni ta’minlash, mehnat yarmarkalari tashkil etish orqali ishsizlikni kamaytirishda prokuratura organlariga ham mas’uliyat yuklangan. Xo‘sh, ular tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan ma’lum qilishlaricha, aholi bandligini ta’minlashdek dolzarb masala prokuratura organlarining doimiy e’tiborida.

Bu borada bandlikka ko‘maklashish markazlaridan bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini olib tahlil qilish, ularni aholi e’tiboriga yetkazish, bo‘sh ish o‘rinlariga fuqarolarni ishga joylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish kabi tashkiliy ishlar tizim tomonidan doimiy tashkil etilayotir.

Aholi bandligini ta’minlash borasida o‘tkazilgan o‘rganishlar bo‘sh lavozimlar haqidagi ma’lumotlar fuqarolar e’tiboriga to‘liq yetkazilmayotganligini ko‘rsatgan. Ishga qabul qilishda adolat mezonlarini buzish, turli to‘siq va asossiz rad etish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Respublika bo‘yicha (xususiy sektordan tashqari) jami 82 ming 975 bo‘sh ish o‘rni bo‘lsa-da, ushbu ish o‘rinlarini o‘z vaqtida to‘ldirish choralari ko‘rilmagan.

Joriy yilning o‘tgan davrida bandlikka ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi bilan bo‘sh ish o‘rinlariga yuborilgan fuqarolardan 16 nafarini ishga qabul qilish asossiz rad etilgan. 3 ming 680 nafar fuqaroning ishga joylashtirilganligi to‘g‘risida hisobotlarga qo‘shib yozilgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.

Xususan, Oltinko‘l tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mansabdor shaxslari aslida ish bilan ta’minlashni so‘rab markazga murojat qilmagan jami 32 nafar fuqaroga 14 million 490 ming 800 so‘m stipendiya va ish haqi to‘lab berib, davlatning maqsadli jamg‘armasidan ajratilgan pul mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilgani aniqlangan.

Bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bandlikka ko‘maklashish markazlariga to‘liq taqdim etmasdan yashirish, bo‘sh lavozimlarni to‘ldirishda ta’magirlik va qonunbuzish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Masalan, Kosonsoy tumani bandlikka ko‘maklashish markazi yuriskonsulti T.Rajapov markazning sobiq xodimi S.T.ni qayta ishga joylashtirib qo‘yish uchun undan 100 AQSH dollari olgan vaqtda jinoyat ustida ushlangan.

Bundan ayonki, ish topish, ishga joylashish bo‘yicha aholi tomonidan bildirilayotgan fikrlarda jon bor. Sun’iy to‘siq, byurokratik g‘ovlar hamon uchramoqda.

Bularga barham berish uchun nima qilish kerak?

Tizimdagi muammolar nimalardan iboratligiga mana yana bir bor guvoh bo‘ldik. Shunday ekan, deb bunga hamma tomoshabin bo‘lib tursa hech narsa o‘zgarmasligi aniq. Har bir kishi bu muammolarga qarshi qo‘lidan kelgancha kurashsa, ayniqsa, poraxo‘rlik, ta’magirlikka duch kelganda, buni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilsa, bu haqda bong ursa, bitta bo‘lsa ham korrupsiyaga nuqta qo‘ygan bo‘lardi.

Ayrim yurtdoshlarimiz umuman ish yo‘qligi, yillab ish topa olmayotganini bildirgan. Albatta, intilmagan, qidirmagan odam hech qachon ish topa olmaydi. Aslida hozirgi kunda ish topishdan osoni yo‘q. Internetga ish kerak, deb so‘rov kiritsangiz, bir lahzada minglab vakansiyalar haqida bilib olishingiz mumkin. Shu maqsaddagi so‘rovimizga ish.mehnat.uz; ishkor.uz; xabardor.uz; rabota.uz; oxl.uz; uzjobs.uz kabi ish taklif qilayotgan o‘nlab saytlar chiqdi. Bundan tashqari, har bir idora va tashkilot o‘zida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida rasmiy saytida ma’lum qilib boryapti.

To‘g‘ri, taklif etilayotgan yuqori maoshli ishlarga qo‘yilayotgan talablar ham yuqori. Inson o‘z ustida ishlasa, malakasini oshirib borsa, doim har yerda kerakli bo‘lishi shubhasiz. Maoshi pastroq bo‘lgan oddiy ishlarda esa har qanday kishi ishlashi mumkin. Bu ham puli kam, deb ishlamay o‘tirgandan yaxshiroq aslida. Halol va sidqidildan mehnat qilgan xodimning ish haqi oshib boradi, unga baraka ham ato etiladi.

Shu o‘rinda bir mulohaza: ish qidirayotganlar ko‘p, ish taklif etayotganlar bisyor ekan, ularni birlashtirish tizimini yaratish kerak. Mehnat yarmarkalari, mehnat birjalari o‘z ishini yetarli darajada tashkil etmayotgani uchun ham oramizda ish topa olmayotganlar bor.

Bir so‘z bilan aytganda, mehnat bozorini zamon talabiga muvofiq takomillashtirishga zaruriyat bor.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 845