O‘zA O`zbek

16.08.2018 11:07 Chop etish versiyasi

Iqtisodiyotga ham “yangi qon” kerak

Iqtisodiyotga ham “yangi qon” kerak

Toshkent – mamlakat yuragi, oltin ostonamiz, bosh kentimiz. Uning chiroyi – O‘zbekiston ko‘rki, uning taraqqiyi – yurt rivoji oynasi, uning farovonligi – to‘kinlik debochasi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 15 avgustda “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha tajribani amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi. 


Toshkent – mamlakat yuragi, oltin ostonamiz, bosh kentimiz. Uning chiroyi – O‘zbekiston ko‘rki, uning taraqqiyi – yurt rivoji oynasi, uning farovonligi – to‘kinlik debochasi. Shu bois Prezident tomonidan imzolangan, investitsiya muhitini yaxshilash ko‘zda tutilgan farmonda ham – bundan buyongi sarmoyaviy muhitning ob-havosini belgilash vakolati tajriba tariqasida poytaxt hokimligiga berilishi ko‘zda tutilmoqda. Samara bersa, bu tajriba boshqa hududlarga ham joriy qilinadi. 

Investitsiyaning, boshqacha aytganda – sarmoyaning ahamiyati haqida ortiqcha gapirish shart emas. Og‘rigan jonga donor qoni nechog‘li zarur bo‘lsa, iqtisodgayam – kapital, ayniqsa, u xorijiy bo‘lsa, shunchalik zarur: go‘yoki, qotib qolgan tomirlardagi qon yurishadi, uvishgan etga jon kiradi. Iqtisod ham “yangi qon” bilan jonlanadi. Ammo investitsiya deganiyam o‘z-o‘zidan kirib qolmaskan-da. Bo‘lmasa, ozmuncha harakat qilinmoqdami, hazilakam jon kuydirilmoqdami. Bugungi hujjat ham – shunday xayrli qadamlardan biri.

Bu shunday amal bo‘ladi-ki, xorijlik sarmoyadorga yanada ko‘proq ishonch beradi. Qadamki, ularga yer ajratish uchun saksonta idora eshigini qoqishga, mulozamat-u madora qilishga hojat qolmaydi. Va nihoyat shunday qadamki, iqtisodiy manfaat turfa byurokratiyadan ustuvorligi mezon qilib olinadi. Investorga esa, tabiiyki, qog‘ozbozlikning, “otangga bor, onangga bor” qabilidagi sansalorlik tamomila yot narsa.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan turli darajalardagi muzokaralar natijasida 2,1 mlrd. dollarga teng bo‘lgan 143 investitsion loyihalar ma’qullangan. Ularning 1,5 mlrd. dollariga teng qismi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar hisoblanadi. Masala bu loyihalar uchun ajratiladigan yer maydoniga borib taqaladi. Chunki mazkur loyihalar tadbiq etilishi uchun – oz emas, ko‘p emas, 230 gektar tanqis megapolis yer maydoni yoki bo‘shab qolgan ko‘chmas mulk obyektlari kerak edi. Ruxsat berish uchun esa – o‘nlab imzolar yig‘ish darkor...

To‘g‘ri, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 1 avgustdagi “Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan investorga yer ajratish tartib-tamoyillari ancha soddalashtirildi. 

Bugungi Farmon bo‘yicha esa Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 15 avgustdan 2019 yil 15 avgustgacha Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha tajriba tariqasida yangicha tartiblar joriy qilinadi. Xo‘sh, ular nimadan iborat?

Birinchidan, Toshkent shahar hokimining investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar asosida investitsiya shartnomalarini tuzish yo‘li bilan – soddalashtirilgan tartibda doimiy egalik, doimiy foydalanish, vaqtinchalik egalik qilish huquqida foydalanish uchun yer uchastkalarini ajratish;

ikkinchidan, sarmoyadorlar bilan muzokara yakunlari bo‘yicha investitsiya kelishuvi asosida foydalanilmayotgan davlat obyektlarining maydoni hajmidan qat’iy nazar sotish;

uchinchidan, poytaxt hokimi qaroriga muvofiq, xususiy boshqaruvchi tashkilotlarga ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida kichik sanoat hududlari direksiyalari funksiyasi beriladi. Chunki raqamlarga boqsak, bugungi kunda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kichik sanoat zonasida 42,2 ming kvadrat metr, Olmazor tumanidagi sanoat zonasida – 4,7 ming, Sergelida esa – 8,4 ming kvadrat metr hududlar huvillab yotgandi. 

Bulardan tashqari, joylardagi davlat hokimiyati organlarining bozorlar (fondlar) va savdo majmualaridagi ulushlarini xususiy tadbirkorlik subyektlariga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar evaziga sotish, davlat-xususiy sherikligi shartlarida avtomobil yo‘llari bo‘ylab pulli avtomobil saqlash joylarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, xususiy investorlarni jalb qilgan holda ko‘pqavatli avtomobil saqlash joylari qurish dasturini tasdiqlash kabi tadbirlar ham Toshkent shahar hokimi qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Endilikda Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining ma’muriy boshqaruv kengashi vakolatlari Toshkent shahar hokimiga o‘tadi, u ushbu vakolatlarni kichik sanoat zonalari direksiyalariga qisman yoki to‘liq berishi mumkin.

Darvoqe, joriy qilinayotgan tartibotlarning samaradorligi bilan bog‘liq o‘ziga xos jihati xususida. Endilikda yer uchastkalari investor tomonidan 1 yil, lozim bo‘lganda va loyiha murakkab bo‘lsa, sal ko‘proq vaqtga zaxiraga olinadi. Shu muddat ichida u shartnoma doirasida zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishi lozim. Aks holda yer uchastkasini rezervlash investorga kompensatsiya va zararlarni qoplab berishsiz tartibda bekor qilinadi. Boshqacha aytganda, eplasang, ishonsang, zimmangga ol va qandingni ur. Yo‘qsa, joyni boshqa qo‘lidan keladiganga bo‘shat...

2018 yil 1 oktyabrdan joriy qilinadigan yana bir yangilik: avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan yuridik shaxslarning belgilangan soliqni to‘lash tartibi bekor qilinib, ular yagona soliq to‘loviga yoki O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi bilan belgilangan boshqa umumbelgilangan soliqlarga o‘tkaziladi.

Yuqoridagilardan tashqari, Farmon bilan Toshkent shahar hokimiga xorijiy investorlar bilan chet el investitsiyalari ulushi 10 millon AQSH dollaridan yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda investitsiya bitimlari tuzish huquqini berilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, zarur hollarda Toshkent shahrining Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlariga yondosh bo‘lgan – Toshkent viloyati hududida kichik sanoat zonalari yaratish uchun har birining maydoni kamida 20 gektardan kam bo‘lmagan yer uchastkalari ajratish bo‘yicha ham qarori loyihasini kiritish hukumat va poytaxt hokimligiga yuklanmoqda.

Shu o‘rinda, ta’bir joiz bo‘lsa, Farmondan o‘rin olgan yana bir – ahamiyat jihatdan iqtisodiy manfaat degan gaplardan qolishmaydigan masala xususida. Hujjatga ko‘ra, uning ijrochilariga – Toshkent shahri eski shahar qismi, madaniy meros obyektlari va atrof-muhitning qulay ekologik holati saqlanib qolishi, oddiy odamlar hayotiga ziyon-zahmat yetkazmasligi, dekorativ daraxtlar va gullar ekkan holda yashil hududlarni yaratish, eng muhimi, daraxt va o‘simliklarning noqonuniy kesib tashlashdan himoyasini ta’minlash vazifalari ham yuklatilgan. Boshqacha aytganda, madaniy va maishiy turmush – investitsiyaviy manfaatlar dovulida qolmasin. Axir Toshkent tarovati – asrlarki, she’r-u qo‘shiqlarda, g‘azallarda yashaydi. Uni ham yurakdan sug‘urib bo‘lmaydi...

Eng muhimi shuki, Toshkentning qulog‘iga aytiladigan gap yukli bo‘lishi kerak, asosli bo‘lishi lozim. Va yana, u gap ortidan qilinadigan ishlar – hayot darajasini oshirsin, xalqning roziligini ta’minlasin, ma’murligini ziyoda qilsin. Yurt rahbari tomonidan imzolangan va hozir sharhlaganimiz qaror esa – shunday umidlar tug‘ilishiga imkon beradi. Chunki sarmoya kirdi, degani – avval aytganimizdek, qon yurishib, yangilanishga, yasharishga umid uyg‘otadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

O‘zA
2 380