Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.06.2018 21:14 Chop etish versiyasi

Iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, odamlarning muammolarini hal etish – islohotlarning asosiy maqsadidir

Iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, odamlarning muammolarini hal etish – islohotlarning asosiy maqsadidir
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tashrifining birinchi kuni ko‘plab yangi loyihalar bilan tanishdi, tadbirkor va investorlar, ishchi-xizmatchilar, fermerlar, nuroniylar bilan uchrashdi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Sharqiy harbiy okrugga qarashli harbiy qismda bo‘ldi.

Bu yerda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosining borishi bilan tanishdi, harbiy-havo desantchilari brigadasi mashg‘ulotlarini kuzatdi, askar va ofitserlar bilan muloqot qildi.

Mamlakatimiz sarhadlari himoyachilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishini ta’minlash masalasi doimiy e’tiborda. Xususan, ushbu harbiy qismda ham Vatan himoyachilarining o‘z xizmat burchini namunali o‘tashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Davlatimiz rahbari harbiy qismda tashkil etilgan Madaniy hordiq markazi, Ma’naviyat markazi, autsorsing tizimi joriy etilgan oshxonani ko‘zdan kechirdi.

– Vatanni sevish – ulug‘ fazilat. Yoshlarimizni ana shunday fazilatli qilib tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun siz kabi mag‘rur, baquvvat yigitlar namuna bo‘lishi zarur. Yoshlar bilan tez-tez uchrashib turish, ularni milliy iftixor, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish kerak, – dedi Prezident.

Uchrashuvda harbiylarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni uy-joy bilan ta’minlash ishlarini yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Harbiy-havo desantchilari tayyorgarligini oshirib borish uchun aerodinamik trenajyorlar o‘rnatish, “Vatanparvar” tashkilotlari huzurida parashyutchilar to‘garaklari ochish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi Mustaqillik mavzesidabarpo etilayotgan ko‘p qavatli yangi uy-joylar bilan tanishdi.

Dastlab Farg‘ona shahrining Bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.

Prezidentimizning 2016 yil 22 noyabrdagi 2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, o‘tgan yili Mustaqillik mavzesida 7 qavatli 5 ta uy qurilib, ehtiyojmand oilalarga topshirilgan edi.

Bu uylar 2 va 3 xonali bo‘lib, yigirma yillik imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan. Xonadonlarda barcha sharoit yaratilgan. Kvartiralar isitish qozoni bilan ta’minlangan. Binolarga zamonaviy liftlar o‘rnatilgan.

Ayni paytda hududda joriy yilga rejalashtirilgan 10 ta uy, mehmonxona, 150 o‘rinli bog‘cha qurib bitkazilmoqda. 2019 va 2020 yillarda bu yerda yana 19 ta ko‘p qavatli uy barpo etish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari ko‘p qavatli uylar uchun Turkiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarda qo‘llanilayotgan turar joy binolarini bloklardan barpo etish tajribasini o‘zlashtirish zarurligini ta’kidladi.

– Bloklardan quriladigan uy tez bitadi, zilzilaga bardoshli, tannarxi arzon bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Rivojlangan davlatlarning barchasida ana shunday uylar qurilmoqda. Mamlakatimizga bloklardan uy qurish bo‘yicha zamonaviy texnologiya olib kelinmoqda. Bu kelgusida uy-joy qurilishini ko‘paytirish imkonini beradi.

Ijtimoiy soha xodimlari, o‘qituvchilar va shifokorlarga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar bunyod etishga kirishish, ular uchun boshlang‘ich badal to‘lovida imtiyozlar berish istiqboldagi rejalardan ekani qayd etildi.

Shu yerda viloyatdagi mavjud infratuzilma inshootlarini saqlash va ulardan samarali foydalanish, Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy va Qo‘qon shaharlaridagi ko‘p qavatli uylarning isitish tizimini qayta tiklash, viloyatda ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini rivojlantirish loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatidagi ushbu yirikshaharlarni rivojlantirish, aholining muammolarini hal etish, iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish yuzasidan mazkur shaharlar hokimlariga zarur topshiriqlar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Ziyodulla Jonibekov, Matnazar Elmurodov, O‘zA
2 523