Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.07.2018 15:29 Chop etish versiyasi

Iqtisodchi ekspert Adham Shodmonov: “Soliq siyosatidagi o‘zgarishlar — valyutani liberallashtirishga doir sentyabr islohotidan keyingi yana bir tarixiy qadamdir”

Iqtisodchi ekspert Adham Shodmonov: “Soliq siyosatidagi o‘zgarishlar — valyutani liberallashtirishga doir sentyabr islohotidan keyingi yana bir tarixiy qadamdir”

Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 29 iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni keng ommaga taqdim etilishdan oldin ochiq-oshkora muhokama qilingani ko‘pchilikning bu boradagi bilimlarini boyitdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Vaholanki, uni tadbirkor ham “do‘ppini yoniga qo‘yib” o‘rgandi, oddiy fuqaro ham uyida o‘z oilasining daromadlarini soliq solishning taklif etilgan tizimlarga bir “chamalab” ko‘rdi. Bunga internet tarmoqlarida hamma o‘z hamyonini hisobga olib, manfaatlaridan kelib chiqib, “ma’qul” yo “noma’qul” qabilida takliflar berdi. Xo‘sh, endi kim yutdi-yu kim yutqazdi. 

Bu haqida iqtisodchi ekspertimiz Adham Shodmonovning fikrlarini e’tiboringizga havola etamiz.

— Albatta, olingan takliflar asosida soliq tizimini imkon qadar ochiq-oshkora bo‘lishligi ta’minlandi. Biroq ayrimlar o‘zining bugungi imtiyozli holatini yo‘qotishni, “soyabon ostidagi” ma’qul holatidan voz kechishni istamayotgan bo‘lsa-da, endi buning iloji yo‘q. Farmonning asl mohiyati haqida ko‘p va xo‘p aytilgan bo‘lsa-da, yana takrorlash kerakki, Prezidentimiz tashabbusi bilan soliq tizimida rejalashtirilayotgan inqilobiy o‘zgarishlar mamlakatimizda qulay biznes iqlimini yaratish uchun jiddiy qadamdir.

To‘g‘ri, bunday qadamning keyingi bosqichlarida amaldagi soliq tizimini soddalashtirish va soliq ma’murchiligini takomillashtirish yo‘lida hali bir qator muhim ishlar qilinishi lozim. Soliq kodeksining yangi tahririni tayyorlash, soliq tizimini takomillashtirish dasturini tayyorlash va qabul qilish lozim bo‘ladi.

Agar kuzatadigan bo‘lsak, soliqqa tortishdagi bunday yondashuv ayrim MDH davlatlarida ishlayotgan soliq tizimidan anchayin afzal. Birgina misol, muhokamaga chiqarilgan ayrim bandlar bo‘yicha ma’qullovlar bo‘lsa-da, ularni saqlab qolish imkoni bo‘lmadi. Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS)ni 20 foizdan 12 foizgacha tushirishning imkoni bo‘lmadi, ya’ni uni o‘zgartirish 2019 yildan keyin mumkin bo‘ladi. Bunda QQSning soliqlar tizimidagi eng “salmoqli” bilvosita soliqlardan biri ekanligini inobatga oladigan bo‘lsak, albatta, davlat xazinasini to‘ldirishda kelgusi talafotlarning oldini olish, deb tushunish mumkin.

Ayrim soliq turlarining bekor qilinishi va soliq miqdorlari (stavkalari) bekor qilinishini ham shu yo‘ldagi sa’y-harakat deb tushunish qulayroq. Bir qarashda soddalashtirilgan tartibidan umumiy soliq solish tartibiga o‘tayotgan korxonalar uchun bunday o‘zgartish ilk bosqichda soliq yukini kamaytirish maqsadida ularning ichki “korporativ soliq to‘lash siyosati”ni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Biroq, shuni aytish kerakki, ayni vaqtda milliy takomillashgan yangi soliq modeliga asos solindi. Soliq yukini kamaytirishga va amaldagi soliqqa tortish qoidalarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan bunday tashabbus 2017 yildagi valyuta bozorini liberallashtirishga doir sentyabr islohotidan keyingi yana bir tarixiy qadamdir.

O‘zA
2 420