O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

Iqtidorli bitiruvchilar “oltin zaxira”da

Iqtidorli bitiruvchilar “oltin zaxira”da

“Samarqand azaldan ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlib kelgan. Bu zamindan ne-ne allomalar, buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqan. Men, ishonamanki, albatta, siz ham buyuk ajdodlarimizga munosib voris boʻlasiz. Sizlarni tom maʼnoda shahar hokimligining “Oltin zaxirasi”, desam xato boʻlmaydi...”

Shahar hokimi Boburmirzo Oblaqulovning shahrimizdagi 7 ta oliy oʻquv yurtining eng iqtidorli 100 nafar bitiruvchisi bilan uchrashuvi ana shunday samimiy tilaklar bilan boshlandi.

Bu uchrashuvga taklif qilingan yoshlar bilimi, iqtidori, rahbarlik va liderlik qobiliyati hisobga olingan holda, 10 ballik baholash tizimi asosida 7 mingdan ortiq talabalar orasidan saralab olingan. Oʻz navbatida, ularning har biri hokimlikning kadrlar zaxirasiga olinib, bandligini taʼminlash, kasbiy malaka va tajribasini tizimli oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish qatʼiy nazoratga olingan.

B.Oblaqulov ularga murojaat qilib yana-da tashabbuskor, shijoatli va gʻayratli boʻlishni soʻradi. Bu borada shahar hokimligi yaqindan koʻmak berishi, barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashi alohida taʼkidlandi.

Shundan soʻng, navbat yoshlarga berildi. Ertamiz egalari shahar hokimiga oʻzlarining taklif va murojaatlari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

photo_2020-07-08_17-54-36.jpg

Jumladan, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti bitiruvchisi Shohrux Ibodov hokimdan shahrimizda turistlar uchun sayohatni mobil ilova orqali tashkil etish imkonini beruvchi biznes loyihasini moliyalashtirishda koʻmak soʻradi. B.Oblaqulov bu kabi loyihalarning bugungi, pandemiya sharoitidagi ahamiyati haqida fikr bildirib, mutasaddilarga uni oʻrganish, zarur boʻlsa, takomillashtirish va moliyalashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti bitiruvchisi Umida Isomiddinova esa shahardagi bir nechta tibbiyot muassasalariga ish soʻrab murojaat qilganligini, ammo, har gal “boʻsh joy yoʻq” degan javobni olganini aytdi.

Mazkur holat yuzasidan shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi Ahmadjon Bobojonov izoh berib, ayni vaqtda shahar tibbiyot muassasalarida umumiy amaliyot shifokori lavozimi uchun 32,5 shtat birligida boʻsh ish oʻrinlari borligi, biroq, bu ish oʻrinlarining barchasi ham markaziy shifoxonalarda emasligini aytdi. Tadbirda ishtirok etgan bitiruvchilar boʻsh turgan ish oʻrinlariga joylashish masalasida bevosita A.Bobojonov bilan uchrashib, suhbat asosida ishga qabul qilinishi belgilab olindi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialini axborot xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha bitirgan Abdulaziz Abdurahimov uchrashuvda qaysi tashkilotda uning uchun ish borligini soʻradi. Javob, uzoq kuttirmadi. Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi shahar boʻlimi boshligʻi Shuhrat Qamarov bitiruvchini jamgʻarmaga ishga taklif qildi.

Tadbirda bir qator davlat idoralari va tashkilotlari boʻlim boshliqlari ham tizimda mavjud boʻsh ish oʻrinlari va ularga ishga qabul qilish shartlari haqida maʼlumot berdi. Yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.

1 583
Gʻ.HASANOV, OʻzA