O‘zA O`zbek

13.06.2019 Chop etish versiyasi

Ipoteka banki koʻmagida intensiv usulda baliq yetishtirish ommalashmoqda

Ipoteka banki koʻmagida intensiv usulda baliq yetishtirish ommalashmoqda

Andijonda “Intensiv usulda baliq yetishtirish boʻyicha Xitoy tajribasi” mavzusida respublika seminari boʻlib oʻtmoqda. 
Снимок.JPG

Prezidentimizning 2019-yil 16-17-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatda baliq yetishtirish hajmini koʻpaytirish, baliqchilik sohasini rivojlantirish, mazkur yoʻnalishda ilgʻor xorijiy texnologiya va usullarni keng joriy etish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish hamda aholiga tayyor va yarim tayyor baliq mahsulotlari yetkazib berishga ixtisoslashgan korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha bergan topshiriqlaridan kelib chiqib tashkil etilgan seminarda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, uning hududiy boʻlimlari mutasaddilari, Qoraqolpogʻiston Respublikasi, shuningdek, respublikamiz viloyatlarida faoliyat yuritayotgan hamda xorijiy mamlakatlardan taklif qilingan mutaxassislar, baliqchilik fermer xoʻjaliklari rahbarlari, “Ipoteka bank” ATIB, “Ipoteka-lizing”, “Ipoteka-sarmoyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi. 

839f945b-a3b2-409e-b3b9-1b70637b4a5e.jpg

Seminarda mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi, xorijlik mutaxassislarning baliqchilikni rivojlantirishga oid maʼruzalari tinglandi, ishtirokchilar intensiv usulda baliq yetishtirayotgan qator xoʻjaliklar faoliyati bilan bevosita tanishdi. Intensiv usulda baliq yetishtirishning Xitoy tajribasi haqida maʼlumotlar oldi.

5b3e2a6b-b747-47b2-b847-b11befe933cc.jpg 

– Intensiv usulda baliq yetishtirish boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan tanishdim, – deydi tadbir ishtirokchisi, Xorazm viloyati Koʻshkoʻpir tumanidagi “Otabek-Dostonbek” baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi rahbari Otaxon Ibrohimov. – Baliq intensiv usulda boqilganda ochiq suv havzalariga nisbatan bir necha oʻn barobar koʻp baliq yetishtirish mumkinligining guvohi boʻldim. Kelgusida xoʻjaligimizda ham albatta, ushbu usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyamiz.

6bc60c19-c81e-4f18-8c73-c2d56135941b.jpg

Andijon viloyatida oʻtgan yili 12 ming tonna baliq yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda aholiga 15 ming tonna luqmai halol yetkazib berish belgilangan. Taʼkidlash joizki, viloyatda baliqchilikni rivojlantirish, mazkur yoʻnalishdagi loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki viloyat filiali tomonidan eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.

6c77d510-8999-4ef4-bcea-c4b120dd6357.jpg

Bank tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida tadbirkorlik subyektlari hamda oʻz xonadonlarida baliq yetishtirish istagi boʻlgan tashabbuskorlar qoʻllab-quvvatlanayotir. Bu borada baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha 150 milliard soʻm miqdordagi bank krediti ajratish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. 

Intensiv usulda baliq yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlari hamda aholi xonadonlariga baliqchilik uchun zarur jihozlar, kichik hajmdagi plastik basseynlar yetkazib berish, tadbirkorlar bilan hamkorlikda baliq chavoqlari, baliqlar uchun omuxta yem ishlab chiqarish, yetkazib berish va xizmat koʻrsatish korxonalarini tashkil etish boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirildi. 

13b8005c-c1cc-40e1-9ba6-7ef4b2fe2471.jpg 

– Baliqchilikni rivojlantirish uchun tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga bankimiz tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 17 milliard soʻm kredit ajratildi, – deydi “Ipoteka-bank” ATIB Andijon viloyat filiali rahbari Bahodirjon Qoraboyev. – Buning natijasida nafaqat baliq yetishtirish xajmi ortmoqda, balki koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. 

Bundan tashqari, bank tomonidan “Intensiv usulda baliq yetishtirish va ekoturizimni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish uchun Andijon shahridagi “Valley Fish” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 80 milliard soʻm, intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish uchun Marhamat tumanidagi “Buyk maskan” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 42 milliard soʻm miqdorida bosqichma-bosqich kredit ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, 2018-yilda ularga 27,5 milliard soʻm kredit ajratildi. Ushbu xoʻjaliklarda belgilangan ishlar reja asosida davom etmoqda. 

9c8d4bad-c50b-4f70-8bec-835ac913b73a.jpg

Oʻtgan yili sazan, oq amur, oq doʻng peshona, Afrika laqqasi, forel, osyotr, losos, mahalliy laqqa, sudak, ilonbosh singari yetishtirilgan baliq turlarining 7 ming 660 tonnasi baliqchilik xoʻjaliklarining sunʼiy suv havzalarida, 425 tonnasi sholi ekilgan maydonlarda, 1 ming 515 tonnasi intensiv usuldagi kichik suv havzalarida, 300 tonnasi yopiq suv havzalarida, 2 ming 100 tonnasi aholi xonadonlarida yetishtirildi. 

Umuman, viloyatda baliqchilikni rivojlantirish, baliq chavoqlari hamda baliqlar uchun omuxta yem ishlab chiqarish borasida muayyan tajriba toʻplangan. 

59460be2-60e0-4699-b2c0-b08515e8180a.jpg

Umumiy qiymati 100 milliard soʻm boʻlgan loyiha doirasida “Ipoteka-lizing” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan mamlakatimizdagi baliqchilik xoʻjaliklariga ilgʻor xorijiy texnologiyalar, jihoz va uskunalar yetkazib berilayotganligi ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga yordam bermoqda. 

–Ana shu loyiha doirasida jamiyatimiz tomonidan Andijon viloyatidagi qator baliqchilik xoʻjaliklariga har birining bahosi 606 million soʻm boʻlgan 14 ta ilgʻor xorijiy texnologiya va jihozlar lizing asosida yetkazib berildi, – deydi “Ipoteka-lizing” MCHJ rahbari Baxtiyorjon Hoshimov. – Bu boradagi ishlar yana davom etmoqda. 

6647dd1c-d15c-45b6-87b0-04ca0b1dc289.jpg

Seminar ishtirokchilari Andijon shahridagi “Valley fish” , “Chubby rabbits” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida intensiv usulda sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtirish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, “ESO FISH” savdo markasi ostida aholiga tayyor va yarim tayyor mahsulotlar yetkazib berish shoxobchasi faoliyati bilan tanishdi. 

–Jamiyatimizda “Ipoteka bank”ning viloyat filialidapn olingan kredit hisobiga intensiv usulda baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan, – deydi “Valley fish” MCHJ taʼsischisi Muhammadali Poʻlatov. – Shu bilan birga jamiyatimiz sunʼiy suv havzalarida yetishtirilayotgan baliqlarni “ESO FISH” savdo markasi ostida aholiga yetkazib berish boʻyicha ham loyihani amalga oshirmoqda. Bu aholiga arzon, sifatli tayyor va yarim tayyor baliq mahsulotlari yetkazib berish imkonini berayotir. 

7b40359c-4909-4830-b32c-a4c64267a867.jpg

Andijon shahrining Mustaqillik koʻchasida “ESO FISH” savdo shoxobchasi tashkil etildi. Aholi shu yerning oʻzida istagan turdagi tayyor, yarim tayyor, pishirilgan baliqlarni xarid qilishi mumkin. Mahsulotlarni xonadonlarga yetkazib berish xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan. 

Seminarda Germaniya, Polsha, Fransiya, Sloveniya singari xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mutaxassislarning “Oʻzbekiston baliqchiligi uchun Aller aqua kompaniyasi texnologiyasi asosida oqsilga boy omuxta yem ishlab chiqarishni rivojlantirish”, “Polsha ichki baliqchilik institutida Osyotr baligʻi turini koʻpaytirishda turli tizimlarni qoʻllash usullari”, “Dabe” (Fransiya) naslchilik xoʻjaligi tajribasi asosida Xon baliq turidan ikra olishni yoʻlga qoʻyish”, “Karp oilasiga mansub baliq turini yetishtirishda presslangan ozuqa yemidan foydalanish” singari qator mavzulardagi maʼruzalari tinglandi. 

a8075256-33ba-49b4-a0aa-ee84415452c9.jpg

–Yurtingizda baliq yetishtirish boʻyicha ilgʻor texnologiya va usullardan foydalanish borasida dastlabki qadamlar qoʻyilayotgan ekan, – deydi polshalik mutaxassis, professor Miroslav Shepkovskiy. – Ayniqsa, Andijonda intensiv usulda baliq yetishtirish borasida yaxshigina tajriba toʻplanibdi. Ishonamanki, bu usul tabiiy suv havzalari u qadar koʻp boʻlmagan Oʻzbekistonda baliqchilikning yanada rivojlanishida muhim rol oʻynaydi. 

1ab207e6-4b43-45bd-8c67-fdf512e11c97.jpg

Seminar ishtirokchilari intensiv usulda baliq yetishtirish, baliqlar uchun omuxta yem ishlab chiqarish, tayyor va yarim tayyor baliq mahsulotlarini aholiga yetkazib berish borasidagi ishlar bilan tanishish asnosida oʻzaro tajriba almashdi. Yurtimizda baliqchilikni yanada yuqori bosqichga koʻtarish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan oʻzaro fikr almashdi. 

Reklama huquqi asosida

1 606
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA