O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Ipoteka bank: Asosiy maqsad – mijozlarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish

Ipoteka bank: Asosiy maqsad – mijozlarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki tomonidan o‘rnatilgan 215 ta bankomatdan joriy yilning 10 oyi mobaynida qariyb 969 milliard so‘m mablag‘ naqdlashtirildi.

Bankning 100 dan ortiq infokiosklari orqali 100 million so‘mdan ortiq to‘lov amalga oshirilgan. Joriy yil yakuniga qadar bank tomonidan yana 20 ta “Uzkard” tizimida ishlovchi bankomat xarid qilinib, hududlarga joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda bankning mehnat filialida “Xalqaro pul o‘tkazmalari, plastik kartalar va ular orqali amalga oshirilgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Anjumanda bank tomonidan aholiga bank xizmati bilan bog‘liq yaratilayotgan qulayliklar, jumladan, xalqaro pul o‘tkazmalari borasida taklif etilayotgan bank xizmatlari, masofaviy bank xizmatlari, bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, joriy yildan bank tizimida “Contact” xalqaro pul o‘tkazmalari xizmati joriy etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – MDH, shu jumladan, Rossiyada mehnat qilayotgan ko‘p ming sonli vatandoshlarimiz uchun mablag‘ini O‘zbekistonga yuborishda qulaylik yaratish.

Shuningdek, mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ham “Contact” tizimi joriy etilib, pul o‘tkazmalari uchun olinadigan komissiya miqdori dastlab 1,2 foizdan 0,95 foizga, ayni paytga kelib esa 0,75 foizgacha kamaytirildi. O‘z navbatida “Zolotaya Korona” tizimi orqali Turkiyaga yuboriladigan o‘tkazma uchun komissiya miqdori 0,70 foizgacha, Rossiya uchun esa 1 foizgacha kamaytirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Ipoteka-bank” ATIB tizimida “Zolotaya Korona” orqali yuborilgan umumiy o‘tkazmalarning 70 foizi aynan Rossiyadan yuborilgan o‘tkazmalarga to‘g‘ri keladi.

Bank tomonidan mijozlarga qulaylik yaratish borasida shuningdek, joriy yilning 10 oyi mobaynida 369 mingdan ortiq yangi plastik kartochkalari muomalaga chiqarildi. Ayni paytga kelib bank plastik kartochkalari soni 1 million 825 mingtani tashkil etmoqda.

Shuningdek, 16 ming 300 dan ortiq terminal, qo‘shimcha 297 ta bankomat xarid qilinib, ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar va aholi gavjum joylarga o‘rnatildi.

Matbuot anjumanida shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Bank va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni mohiyati, qonun bilan bank tizimida amalga oshishi kutilayotgan o‘zgarishlar hamda mijozlarga qulaylik yaratish yo‘lida bank xizmatlarini optimallashtirish, transformatsiya to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Jurnalistlar tomonidan bank faoliyatiga oid berilgan savollarga atroflicha javob berildi.

711
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA