O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Investitsiya loyihalarini nazorat qilish tizimi joriy etiladi

Investitsiya loyihalarini nazorat qilish tizimi joriy etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi investitsiya loyihalarini tezkor amalga oshirish maqsadida “Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini nazorat va monitoring qilish” avtomatlashgan axborot tizimini joriy etmoqda.

Oʻzbekistonda koʻplab investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shu bois, tasdiqlangan tarmoq jadvallarining oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash, ishonchli statistika maʼlumotlari kiritish zarur.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, yangi tizim Oʻzbekiston hududida investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha investitsiyaviy va hududiy dasturlarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beradi. Ushbu tizim Yagona milliy loyiha boshqaruvi axborot tizimiga integratsiya qilindi.

Yangi tizimda loyihalar amalga oshirilishini hisobga olish, nazorat va monitoring qilish jarayonlari butunlay avtomatlashtirilgan. U loyihalar muddati, byudjeti, maqsadi va koʻrsatkichlarini kuzatib boradi, jalb qilingan va oʻzlashtirilgan investitsiyalar hajmi boʻyicha ishonchli maʼlumotlarni shakllantiradi, loyihalarni amalga oshirish jarayonida quvvatlarni oʻz vaqtida ishga tushirish boʻyicha xavflarni aniqlaydi. Bundan tashqari, uning faoliyati investitsiya kiritilgandan keyingi davrda loyiha hujjatida koʻzda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni kuzatib borish imkonini beradi.

Ayni paytda ushbu tizim sinov tariqasida ishlamoqda, unga loyihalarni amalga oshirilishini nazorat va monitoring qilish jarayoniga jalb etilgan vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalarini ulash ishlari olib borilmoqda.

Yangi tizimning joriy etilishi real vaqt rejimida samarali monitoring olib borish imkonini beradi, loyihalar belgilangan muddatda bajarilishini, investitsiyalar oʻzlashtirilishi shaffofligi, loyihalarni amalga oshirishda xavflarni prognozlash va ularning oldini olishni, maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, demakki, loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminlaydi.

957
Roman BONDARCHUK, OʻzA