O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

Investitsion loyiha: Qoraoʻzakda gidratli va soʻndirilgan ohak ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi

Investitsion loyiha: Qoraoʻzakda gidratli va soʻndirilgan ohak ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan hududlarda qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish, sohaga investitsiya jalb qilish, mahalliy bozorlardagi arzon, sifatli, energiya tejamkor mahsulotlarga boʻlgan talabni qoplash borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2019-2022-yillarda qurilish materiallari sanoati boʻyicha umumiy qiymati 448 million 198 ming dollarlik 142 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, Qoraoʻzak tumanida ana shunday yangi quvvatlardan biri – gidratli va soʻndirilgan ohak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Dayplast Nukus” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz faoliyatini boshladi.

Korxona yiliga 100 ming tonna oxaq tayyorlash imkoniyatiga ega. Loyiha qiymati 63 milliard 180 million soʻmni tashkil etadi. Korxonada zamonaviy, soʻnggi rusumdagi energiya tejamkor uskunalar oʻrnatilgan. Loyiha foydalanishga topshirilishi bilan pandemiya sharoitida 150 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Taʼkidlash kerak, korxona mahsulotlariga boʻlgan talab nafaqat mamlakatimizda, balki qoʻshni davlatlarda ham yuqori.

Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida yana koʻplab investitsiya loyihalari hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Moʻynoq tumanidagi “Moʻynoq LDSP” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 8 million AQSH dollarlik (shundan oʻz mablagʻi 2,6 mln. AQSH dollar, Xitoy davlat taraqqiyot banki kredit liniyasi mablagʻlari 5,4 mln. AQSH dollar) qamishdan DSP ishlab chiqarish loyihasi ham shular jumlasidan. Korxona yiliga 50 ming kub metr DSP ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻladi. Eng muhimi, 200 doimiy va 1500 mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Muhimi, bu kabi yangi korxonalarning foydalanishga topshirilishi birinchi navbatda sohada ishlab chiqarish hajmining oshishi, mahsulotlarga boʻlgan talabni qondirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratilishiga xizmat qilmoqda.

1 892
OʻzA