Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

29.08.2018 13:18 Chop etish versiyasi

Internet tezligi oʻn barobar oshadi


Hayotimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur qila olmaymiz. Ayniqsa, internet aholining zaruriy ehtiyojiga aylanib bormoqda.

Shuning uchun ham mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Bu jarayonda elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish yanada kengaytiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi farmon ijrosi doirasida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, internet tarmogʻidan keng polosali foydalanish kengaytirilmoqda. Multiservisli aloqa tarmoqlari texnologiyalari, mobil aloqa bozori, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari, shuningdek, logistika va pochta aloqasi xizmatlari orqali telekommunikatsiya infratuzilmasi modernizatsiya qilinayotir.

– Joriy yilning dastlabki yarmida yurtimiz boʻylab 690 kilometr optik tolali aloqa tarmoqlari yotqizildi, – deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi masʼul xodimi Elbek Dolimov. – Mobil operatorlarning mingdan ziyod baza stansiyalari oʻrnatildi. Ularning 483 tasi 3G hamda 4G LTE texnologiyasida xizmat koʻrsatadi. Ayni kunda yurtimiz boʻylab 24,5 ming kilometr optik tolali aloqa tarmoqlari oʻtkazilgan, qariyb 21 ming baza stansiya oʻrnatilgan.

Vazirlik tashabbusi bilan sohaga sarmoya va sarmoyadorlarni jalb qilishga moʻljallangan maxsus portal tashkil qilinmoqda. Unda mamlakatning AKT salohiyati, mavjud imkoniyat va qulayliklar, hukumat tomonidan berilgan imtiyozlar, istiqboldagi rejalar, xorijlik investorlarni qiziqtirishi mumkin boʻlgan investitsion muhit toʻgʻrisida maʼlumot berib boriladi.

Sohada xizmat koʻrsatish koʻlami oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 118,9 foizga oshgan. Xalqaro internet kanallariga ulanish tezligi sekundiga 140,034 Gbit.ga yetgan, yaʼni, 2018 yilning boshiga nisbatan 1,5 barobar oshgan. Shu bilan birga, operatorlar va provayderlar uchun xalqaro internet kanallariga ulanish narxi oʻzgarishsiz qolgan. (Yaʼni 1 Mbit/s uchun 244 ming 958 soʻm).

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 30 dan ziyod yangi elektron davlat xizmatlari joriy qilindi. Natijada jami xizmatlar soni yuzdan oshdi. Yagona portal orqali fuqarolar tomonidan xizmatlardan foydalanish yuzasidan 31 ming ariza kelib tushgan. Davlat xizmatlaridan foydalanish yuzasidan tushgan arizalar soni 560 mingtani tashkil qilmoqda.

2018-yilning aprelida jamoatchilik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan meningfikrim.uz portali ishga tushirildi. Bugungacha mazkur resursda 70 dan ziyod petitsiyalar eʼlon qilindi, 170 petitsiya qayta ishlash jarayonida. Portalga mingdan ziyod jamoaviy murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, ular yuzasidan 13 mingdan ortiq fikr-mulohazalar qoldirildi.

Shuningdek, shu yilning 1-fevralida Prezidentining Virtual qabulxonasi yangi talqinda ishga tushirildi. Mazkur partal orqali 2 milliondan ziyod murojaatlar kelib tushgan, uning 98 foizi koʻrib chiqildi.

Meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida Oʻzbekiston Respublikasining 13 ming 600 dan ziyod meʼyoriy hujjatlarining loyihalari eʼlon qilindi. Ular yuzasidan fuqarolardan 2,5 mingga yaqin taklif va fikrlar olindi.

Ayni paytda sohada ishlar davom ettirilib, yil oxirigacha xalqaro tajriba va rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda 2018-2021-yillarda “elektron hukumat”ni rivojlantirish boʻyicha strategiya ishlab chiqiladi. Xalqaro internet kanallarining oʻtkazuvchanligi 8-10 barobarga oshiriladi. Magistral telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish maqsadida mamlakat boʻylab 2 ming kilometrlik optik tolali aloqa tarmoqlari tortiladi.

M. Roʻziboyeva, OʻzA
1 194