Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.11.2017 18:17 Chop etish versiyasi

«International House – Tashkent» akademik litseyida yoshlar yetakchilari o‘qitilmoqda

Mamlakatimizning barcha hududlaridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yoshlar yetakchilari uchun o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq joriy yilning 16-21-oktabr kunlari yurtimizning namunaviy va ixtisoslashgan maktablaridan saralab olingan 28 yoshlar yetakchisi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida tashkil etilgan treninglarda ishtirok etgan edi.

Joylardagi mashg‘ulotlar ana shu o‘quv seminarlarida qatnashib, sardorlik va trenerlik ko‘nikmalarini rivojlantirgan yoshlar yetakchilari tomonidan o‘tkazilmoqda. Har bir hududdan saralab olingan yetakchilar trenerlar jamoasini tashkil qilib, olgan bilimlarini o‘z tengdoshlariga yetkazayotir.

16 noyabr kuni «International House – Tashkent» akademik litseyida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi ellik besh yoshlar yetakchisi ishtirokida o‘quv seminari boshlandi.

Tadbirning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan joriy yil 30-iyunda tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlarning chinakam suyanchi va tayanchi bo‘lishi hamda tashkilot oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarishda, yurtimiz yoshlarini birlashtirish, ularga amaliy yordam ko‘rsatishda yoshlar yetakchilarining fidoyiligi, tashabbuskorligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Mazkur loyiha yetakchilarda liderlik, trenerlik, notiqlik qobiliyatini rivojlantirishga, auditoriya bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirishga yordam beradi. Shuningdek, ularni innovatsion loyihalar yaratish, ijodiy va tahliliy fikrlashga o‘rgatadi.

– Jamoa va o‘quvchi-yoshlar bilan ishlash psixologiyasi, tanqidiy tafakkurni rivojlantirish, vaqtni boshqarish va maqsadga erishish, omma oldida nutq so‘zlash, o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirish singari mavzulardagi mashg‘ulotlar biz yetakchilarning kelgusidagi faoliyatimizni samarali olib borishimiz uchun juda ham foydalidir, – deydi Mirobod tumanidagi 125-umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi Maftuna Qayumova. – Mashg‘ulotlar zamonaviy uslublarda olib borilayotgani bizga tanlash imkonini yaratib, yangi bilimlarni egallashimizga, yoshlar bilan ishlashning samarali usullarini o‘zlashtirishimizga ko‘maklashmoqda.

Seminar ishtirokchilari orttirgan malaka va bilimlarini kelgusida o‘zlari faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasida tatbiq etadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 601






Все о погоде - Pogoda.uz