O‘zA O`zbek

31.08.2018 14:16 Chop etish versiyasi

Insonparvarlik yordami targʻiboti

Insonparvarlik yordami targʻiboti
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida jurnalistlar uchun insonparvarlik faoliyati targʻibotiga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan amaliy mashgʻulotda Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi masʼullari, jamiyat xodimlari va koʻngillilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Qizil yarim oy jamiyati qariyb bir asrdan buyon mamlakatimiz hududida faoliyat yuritib, aholining ehtiyojmand qatlamlari, yaʼni kam taʼminlangan va koʻp farzandli oilalar, oʻzgalar koʻmagiga muhtoj yakka-yolgʻiz qariyalar, boquvchisini yoʻqotganlarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishda davlat organlariga yaqindan yordam berib kelayotganligi taʼkidlandi.

Amaliy mashgʻulot mobaynida jamiyat tizimining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, soʻnggi yillarda jamiyat tomonidan bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar, galdagi vazifalar yuzasidan maʼlumot berildi.

Besh kun davom etgan mazkur seminar-trening davomida jamiyatning favqulodda vaziyatlarda harakat qiluvchi milliy guruhi tomonidan shunday vaziyatlar sodir boʻlganda toʻgʻri harakat qilish va birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Yakunda amaliy mashgʻulotlarda faol ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga maxsus sertifikat va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA
1 677