Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 14:26 Chop etish versiyasi

Insonparvarlik va bag‘rikenglikning yuksak namunasi

Insonparvarlik va bag‘rikenglikning yuksak namunasi Katya Konoplyova Qarshi shahridagi Muruvvat uyida bir xonada ota-onasi Sergey Konoplyov va Marina Chubanyuk bilan yashardi. Ota-onasi ham shu Muruvvat uyida katta bo‘lgan, shu yerda ishlaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamdan bahramand bo‘lgan 20 yoshli Katya mustaqil hayotga ilk qadamni yangi uyda qo‘yadigan bo‘ldi. Unga Qarshi shahridagi "Gulshan" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 331-uyning 48-xonadoni kaliti tantanali topshirildi.

– Ota-onam kabi mening bolaligim ham Muruvvat uyida o‘tdi, – deydi Katya. – Qachon bizning ham boshqalar tengi o‘z uyimiz bo‘lar ekan, deb orzu qilardim. Mana, bugun Prezidentimizning kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj oilalar turmush sharoitini yaxshilashga qaratayotgan g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lib turibman. Barcha sharoitlarga ega zamonaviy uyning kaliti qo‘limda. Bu – baxt kaliti, o‘zi istagandek yashash imkoniyati. Hozir dunyoda mendan baxtiyor odam yo‘q. Oilamizga ko‘rsatilgan bunday g‘amxo‘rlikdan ichimga sig‘may ketyapman. Endi biz ham boshqalar kabi o‘z uyimizda yashaymiz. Mehmon kutamiz, mehmonga boramiz. Xohlagan narsamizni sotib olamiz, xohlagan joyga qo‘yamiz. Uy o‘zimizniki-da! Bunday cheksiz baxtiyorlik tuyg‘usini bergan davlatimizdan minnatdormiz. Prezidenti odamlarning dardini tinglash, og‘irini yengil, turmushini farovon qilish yo‘lida tashabbus ko‘rsatadigan mamlakat fuqarosi bo‘lganimdan faxrlanaman.

Bu Qashqadaryo viloyatida uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga O‘zbekiston Prezidentining sovg‘asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarning tantanali topshirilish marosimida aytilgan dil izhorlaridan bittasigina xolos. Bunday minnatdorlik izhorlari bugun yurtimizning barcha hududlarida oddiy fuqarolar tomonidan yuzlab, minglab bildirilmoqda.

Gavhar Nafasova II guruh nogironi. Shahrisabz tumanidagi Shamaton qishlog‘ida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i ruhiy kasal. Gavharning ota-onasining uyida, kichkina hovlida besh oila, 16 kishi istiqomat qiladi. Bugun unga Prezidentimiz nomidan Shahrisabz shahridagi Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida qad rostlagan ko‘p qavatli uydan bir xonali kvartiraning kaliti topshirildi.

– Bilasizmi, hayotimda hech qachon bugungidek hayajonlanmaganman, shunchalar baxtiyorlik bo‘lishi mumkinligini his qilmaganman, – deydi Gavharning onasi Gulnora Uzoqova. – Qizimning boshida o‘simta bor. Bundan tashqari, bir buyragini oldirgan, yuragi xasta. Yaxshi niyat bilan turmushga uzatgandik. Kuyovim ham ruhiy kasallikka chalingan ekan. Bunisi yetmagandek, farzandi ham nogiron tug‘ildi. Taqdir ekan. Qizim nihoyatda umidsizlikka tushib qolgan edi. Yangi uyning kalitini olganda qizimga qo‘shilib biz ham hayotga qaytdik, birdaniga hamma dard arigandek bo‘ldi. Iloyo shunday bo‘lsin! Nabiraginam "momojon, endi biz yangi uyda yashaymizmi, u yerda hamma narsa bo‘ladimi, qo‘g‘irchoq hammi?" deb xursandchilikdan sakraydi. Bir hovlida besh ro‘zg‘or juda tiqilishib qolgan edik-da. Uy-joy qilishga imkon qayoqda. Kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ularning mushkulini oson qilayotgan barcha insonlarga ming rahmat.

Shuhrat Alimov I guruh nogironi. Afg‘on urushi qatnashchisi. Ikki oyog‘ini o‘sha yoqlarga tashlab kelgan. Bu mash’um voqea uning butun hayotini o‘zgartirib yubordi. Umidsizlik, tushkunlik uni adoyi tamom qildi. Shu bois kech uylandi. Uch farzandi bilan Qarshi tumanidagi Mevazor mahallasida ijarada turar edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qarshi tumanidagi Nukrabot massivida qurilayotgan 2 sotixli arzon turar joylardan biri uning oilasi uchun ajratildi.

– Bu xushxabarni eshitib, yoshlik yillarimdagi o‘sha jo‘shqin hayotga qaytgandek quvondim, – deydi Shuhrat aka. – Yoshim ellikdan oshdi. Oyoqlarimdan ajraganimdan keyin xursandchilik nima ekanini unutib ham yuborgandim. Jismoniy imkoniyatim cheklangani uchun tayinli ish qila olmayman. Moddiy ahvolimiz og‘ir, uy-joyimiz yo‘q edi. Bundan qattiq ezilardim. Adolatparvar, xalq dardi bilan yashaydigan, ayniqsa, bizday imkoniyati cheklangan insonlarning boshini silaydigan davlatimizdan juda minnatdorman.

Qarshi shahri, Qarshi va Shahrisabz tumanlarida o‘tkazilgan yangi uy-joylarni topshirish marosimlarida ham xalqimizga xos mehr-oqibat, hamjihatlik kabi yuksak fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘lib, odamlarda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
738






Все о погоде - Pogoda.uz