Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.08.2018 16:48 Chop etish versiyasi

Inson va tabiat o‘rtasidagi hozirgi holat “Titanik”ni yodga soladi

Inson va tabiat o‘rtasidagi hozirgi holat “Titanik”ni yodga soladi Yozning jazirama kunlari chekinib, havo bir oz salqinlashib qoldi. Issiq kunlarda juda ko‘plab yurtdoshlarimiz tog‘ yon bag‘riga chiqib, dam olib qaytgani shubhasiz. Bir o‘ylab ko‘ring-chi, siz dam olish jarayonida o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar keltirmadingizmi? Atrof-muhitni chiqindilar bilan ifloslantirmadingizmi?

– Aholining ekologik madaniyati pastligi tufayli dam olish maskanlari, misol uchun Toshkent viloyatidagi Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi, Ohangaron va Burchmulla o‘rmon xo‘jaliklari nozirlari bu hududlarni chiqindilardan tozalashga majbur bo‘lmoqda, – deydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakili Hojimurod Tolipov. – Ko‘plab qonunbuzarlik aniqlanib, fuqarolardan jarima va tovon pullari undirilmoqda.

Eng achinarlisi, insonlarning tabiatga befarq munosabati tufayli yer yuzidagi mavjud hayot muvozanati izdan chiqmoqda. Ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dunyoda so‘nggi 50 yilda juda ko‘p salbiy ishlar yuz berdi. Eng avvalo, zaharli kimyoviy o‘g‘itlar bilan tuproqni izdan chiqardik. Oxir oqibat atrofdagi hayvonot va o‘simlik dunyosining 10-30 foizgacha bo‘lgan turlarining yo‘qolib ketishiga ma’lum ma’noda sababchi bo‘ldik.

Uylamay qilayotgan ishimiz qanday oqibatlarga olib kelishini hozirning o‘zida ko‘rib turibmiz. Harorat yildan-yilga oshib bormoqda. Ba’zi davlatlarda toza havo o‘rniga atrofni chang qoplagani uchun insonlar doimiy niqob kiyib yurishga majbur. Biz bularni barini iqlim o‘zgarishidan ko‘rib, o‘zimizni tinchlantiramiz. Vaholanki, hayotda hamma narsa bir-biriga bog‘liq holda rivojlanadi.

Yer yuzida har 18 daqiqada bitta biologik tur yo‘qolib borayotganiga nima deysiz? Nega bunga yo‘l qo‘yyapmiz. Sayyoraning ifloslanishi, o‘rmonlarning yo‘q bo‘lishiga kim aybdor? Biz aybdormiz. Inson yanada yaxshiroq, yengilroq, qulayroq yashashni istaydi. Biroq, tabiat ishiga aralashishni to‘xtamasak, atrofni ifloslantirishda davom etsak, buning oqibati nima bilan tugashini hozir tasavvur ham qila olmaymiz.

Hozirda dunyoda biologik turlar soni 60 foizga kamaydi. Masalan, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududidagi 74 ta o‘simlik va 38 ta hayvon Qizil kitobga kiritilgan.

Bir narsani unutmaylik. Zero, tabiat hech narsani unutmaydi. Agar ko‘chma ma’noda aytadigan bo‘lsak, inson va tabiat o‘rtasidagi hozirgi holat “Titanik”ni yodga soladi. Toki unga borib urilmaguncha xursandchilik qilamiz. Xavfni ko‘rib qolganimizda esa kech bo‘ladi. Biz yo‘nalishni o‘zgartira olmaymiz.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 704