O‘zA O`zbek

04.04.2018 21:30 Chop etish versiyasi

Inson va salomatlik

Poytaxtimizda «Inson va salomatlik» V respublika kongressi boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz hamda xorijlik malakali tibbiyot mutaxassislari, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari olimlari, shifokorlar, farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari rahbarlari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida eng mukammal va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish masalasi bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Ushbu vazifalarni bajarishda Prezidentimiz farmoniga muvofiq qabul qilingan va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga oid Davlat dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Unga ko‘ra, joylarda ixtisoslashtirilgan shifo maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning jahon andozalari darajasida jihozlangani xastalikka aniq tashxis qo‘yish va samarali muolaja usullarini qo‘llash imkonini bermoqda. Bugun yurtimizda sifat jihatidan yangi, eng yuksak talablarga javob beradigan birlamchi tibbiyot, respublika va viloyatlardagi shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish hamda o‘nlab ixtisoslashtirilgan yirik markazlarni o‘z ichiga olgan tibbiyot muassasalarining mukammal tarmog‘i yaratilishi xalqimiz salomatlik ko‘rsatkichlarining barqaror saqlanib turishida muhim omil hisoblanadi. O‘tgan yillar mobaynida «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan dastur asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar hayotga joriy etilishi natijasida ilgari hatto tasavvurga sig‘magan skrining va perinatal kabi yangi tibbiy markazlar milliy tibbiyotimizdan o‘rin egalladi.

Anjumanda mahalliy va xorijlik mutaxassislar kardiologiya, antibiotikoterapiya, gastroenterologiya, nevrologiya, akusherlik-ginekologiya, pediatriya va endokrinologiyada, ayniqsa, murakkab kasalliklarni kompleks davolashda asosli tibbiyot yordamida dori vositalarini qo‘llash bo‘yicha o‘z tajriba va bilimlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Mazkur tadbir mamlakatimiz tibbiyotida muhim voqeadir, – deydi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori H.Oqilov. – Boshlangan kongress doirasidagi o‘zaro muloqot tibbiyot xodimlari va farmatsevtlarga hozirgacha aniq javobi yo‘q bo‘lgan savollarni muhokama qilish, ularga javob topishga yordam beradi. Olimlar va amaliyotchi vrachlar o‘rtasidagi fikr va tajriba almashinuvi tibbiyotning ko‘plab dolzarb muammolariga yechim topadi, degan umiddaman.

Kongressda kardiologiya, nevrologiya, pediatriya, pulmonologiya bo‘yicha ilmiy jamiyatlarning yangi klinik tavsiyalari ko‘rib chiqilib, ishtirokchilar klinik endokrinologiya va gastroenterologiya sohasidagi so‘nggi yutuqlar bilan tanishtiriladi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mazkur tadbir terapevtika sohasidagi mutaxassislarning o‘zaro bilim almashishiga imkon yaratmoqda.

Kongress doirasida o‘tkazilgan seminarlarda dori vositalarining rezistetligi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish va ularni murakkab kasalliklarni kompleks davolashda qo‘llash metodikasini takomillashtirishga oid ma’ruzalar tinglandi.

Yangi zamonaviy dori vositalari, axborot texnologiyalari va tibbiy asbob-uskunalar, tibbiyotga oid buyumlar, maxsus nashrlar ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz va xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining yangi ishlanmalari bilan tanishish, innovatsion dori vositalari, ularning samaradorligi hamda qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ishlab chiqaruvchilardan bevosita ma’lumot olish imkonini berdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
10 621