O‘zA O`zbek

22.08.2018 13:50 Chop etish versiyasi

Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizga ko‘z tegmasin

Mamlakatimizda Qurbon hayiti katta bayram sifatida nishonlanmoqda. Joylarda sayillar tashkil qilinib, bemorlar, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni yo‘qlash kabi ezgu ishlar davom etmoqda. Qurbon hayiti munosabati bilan dam olish kunlari belgilanganligi yurtdoshlarimizni behad mamnun qildi.

– Sakson yoshni qoralayapman, – deydi Marhamat tumanidagi Yetti O‘qchi mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Toshtemir ota Qayumov. – Kecha Qurbon hayiti namozini o‘qidik. Masjidda namozxonlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, beixtiyor ko‘zimga yosh keldi. Xayolimda hayit namozlari o‘qilishi ta’qiqlangan sobiq sho‘ro davridagi odamlarning sargardon bo‘lgan yillari gavdalandi. Adashmasam, 1984 yilning dekabri edi. Odamlar hayit namozini o‘qish uchun “Mirishkor ota qabristoni” etagida joylashgan masjidga oshiqardi. Men ham o‘g‘illarim hamrohligida o‘sha masjidga bordim. Masjid atrofi odamlar bilan to‘la, militsiya xodimlari hech kimni ichkariga qo‘ymayotgan edi. Bot-bot “Hayit namozi o‘qilmaydi, uy-uylaringga tarqalinglar!”, degan buyruq beriladi. Odamlar ortga chekinmas, daqiqa sari ko‘payishda davom etardi. Baribir ruxsat berilmadi. Shunda qishloq oqsoqollari maslahatlashib, namozni masjid yonidagi dalada o‘qiymiz deyishdi. O‘shanda ikki ming chog‘li odam hayit namozini yomg‘ir ostida o‘qidik.

Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, bugun ibodat qilishimiz uchun hech qanday to‘siq yo‘q. Masjidlarimizda zarur sharoitlar yaratilgan. Bu albatta, istiqlol sharofatidan. Ilohim, tinch-osoyishta, insonlar qadri ulug‘lanayotgan yurtimizga ko‘z tegmasin.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
1 932