O‘zA O`zbek

25.08.2018 14:41 Chop etish versiyasi

Inson qadri – ezgu qadriyat

Inson qadri – ezgu qadriyat
Namangan viloyatida kam taʻminlangan va nogironligi bor xotin-qizlardan bir guruhiga bepul va imtiyozli kredit asosidagi arzon uy-joylarning kalitlari topshirildi.

Shu munosabat bilan Toʻraqoʻrgʻon tumanida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligi, xususan, kam taʻminlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni moddiy va maʻnaviy qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani taʻkidlandi.

– Ayniqsa, keyingi yillarda kam taʻminlangan oilalar, nogironligi bor kishilarni imtiyozli ravishda uy-joy bilan taʻminlash, jismoniy, aqliy imkoniyatiga yarasha mehnat bilan band boʻlishi uchun sharoitlar yaratish borasida hech qaysi bir davlatda boʻlmagan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi mehnat faxriysi D.Dadajonova. – Men ham bir vaqtlar yuqori lavozimlarda ishlaganman. Oʻsha paytlarda oʻzimiz xohlasak, muhtojlarga yordam berishni oʻylasak ham shunday ishlarni qila olmas edik, siyosiy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham bunday tadbirlarning iloji yoʻq edi. Demak, bu mustaqillik bergan imkoniyatlar samarasidir. Qani endi, oʻsha paytlardagi kuch-gʻayratim hozir ham boʻlsa-yu, mana endi ishlasam...

Tadbirda viloyat ishchi guruhlarining oʻrganishlari, xalq qabulxonalari va mahalliy hokimliklarga tushgan murojaatlar asosida maxsus ishchi komissiyasi tomonidan shakllantirilgan roʻyxatga muvofiq, 90 nafar kam taʻminlangan va nogironligi bor xotin-qizlarga mavjud ichki imkoniyatlardan foydalanib barpo qilingan uy-joylarning kalitlari topshirildi.

– Bu biz uchun bir umrlik sovgʻa boʻldi, – deydi Mingbuloq tumanida istiqomat qiluvchi uy bekasi F.Shermatova. – Shunday mehr-oqibat, gʻamxoʻrliklar uchun Prezidentimiz, xalqimiz, viloyatimiz rahbarlaridan minnatdorman.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov soʻzga chiqdi.

A.Sattorov, H.Mamadaliyev (surat), OʻzA
1 905