O‘zA O`zbek

15.08.2018 18:22 Chop etish versiyasi

Inson qachon baxtli bo‘ladi? Oilasi tinch-farovon yashab, farzandlari kelajagidan ko‘ngli to‘q bo‘lsa

Xalqimiz shu kunlarda eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami shodiyonalari tadorigi bilan yashamoqda. Farg‘ona viloyati Quva tumaniga kelgan kishi tuman ahlining yaratuvchanlik va bunyodkorlik shijoati, ulkan sa’y-harakatlari, ertangi kunga yuksak ishonchidan behad quvonadi. Buning boisi har bir qishloq va mahallada eng ulug‘, eng aziz ayyom – istiqlolimizning 27 yillik qutlug‘ tantanalariga munosib hozirlik ko‘rilayotganida.

Bu borada tuman hokimligi tomonidan alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, tayyorgarlik ishlari doirasida har bir mahalla, har bir oila kesimida bayramni munosib kutib olish ko‘zda tutilgan.

– Bugun yurtdoshlarimiz eng ulug‘, eng aziz bayram shukuhi bilan yashamoqda, – deydi tuman hokimi Halimjon Umarov. – Yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Istiqlol yillarida odamlarimizning dunyoqarashi, tafakkuri o‘zgardi, turmush madaniyati, yashash tarzi yuksaldi. Mustaqillik bayramini nishonlashga hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda bu jihatlar yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Joriy yil tumanda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 159 loyihani hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda ushbu loyihalarni amalga oshirish, shu bilan birga, “Har bir oila – tadbirkor”, “Obod qishloq” dasturlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Masalan, “Med doktor Arslonov” MCHJ tomonidan 4 qavatli binoda tashkil etilayotgan ko‘p tarmoqli xususiy sog‘lomlashtirish klinikasi bayram arafasida foydalanishga topshiriladi. Loyiha tashabbuskori Mirodil Arslonovning aytishicha, markazga jahon standartlari talablariga javob beradigan eng zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatilmoqda. Yaponiya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Xitoy davlatlaridan keltirilgan va tibbiyotda yangilik hisoblangan asbob-uskunalar bilan 10 dan ortiq yo‘nalishda malakali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun germaniyalik professorlar, poytaxtimizdagi ilmiy markazlarning malakali shifokorlari bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar imzolangan.

“Quva qandolatlari” MCHJning logistika markazi tashkil etish loyihasi qo‘llab-quvvatlanib, tuman hokimligi tomonidan xorijdan yuqori navli kartoshka keltirib yetishtirish uchun 10 gektar yer maydoni ajratib berildi. “Karim A eksport” MCHJ tomonidan sanoat yo‘nalishida yiliga 3 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash quvvatiga ega, “Barhayot Hamidaxon” oilaviy korxonasi tomonidan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish hamda turar joy binolar majmuasi, “Perpetual Motion” korxonasi tomonidan yiliga 100 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish singari loyihalar yaqin kunlarda quvaliklarga chinakam bayram tuhfasi bo‘ladi.

Eksport sohasida ulkan yutuqlar salmog‘ini yanada oshirish maqsadida tuman hokimligi tomonidan Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya kabi mamlakatlar investorlari bilan ikki tomonlama manfaatli muzokaralar olib borilmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, eng muhimi, aholi farovonligini yuksaltirishda alohida ahamiyatga ega.

To‘rt sektor faoliyati, turli dasturlarni hayotga tatbiq etish borasidagi o‘zaro hamjihatlik tuman ahlining islohotlar jarayonidagi daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘usini oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina “Obod qishloq” dasturi ijrosi doirasidagi ishlarda “Akbarobod“ va “Tolmozor“ mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi jonbozlik ko‘rsatmoqda. Tuman obodonlashtirish boshqarmasining 400 nafar hamda mavsumiy ishlarga jalb etilgan 200 nafar ishchi-xizmatchiga barcha korxona-tashkilotlar, mahallalar ahli faol ko‘maklashmoqda.

Ta’lim tizimiga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli o‘tgan yili Namuna mahallasida zamonaviy mezonlar asosida bunyod etilgan 216 o‘rinli 67-umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi. 22, 27, 28-umumta’lim maktablarida rekonstruksiya, kapital ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu yil 18-umumta’lim maktabida sport zali, 61-umumta’lim maktabida 120 o‘rinli yangi bino qurish va 12x24 o‘lchamli sport zali barpo etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

– Inson qachon baxtli bo‘ladi? Oilasi tinch-farovon yashab, farzandlari kelajagidan ko‘ngli to‘q bo‘lsa, albatta, – deydi tadbirkor Muzaffar Nosirov. – Kelajagimiz vorislariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar tufayli o‘g‘lim xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan birini tamomlab, tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Qo‘rg‘oncha mahallasi yoshlari uchun 10 ta ish o‘rni yaratdi. O‘zim rahbarligimdagi xususiy korxona tasarrufida esa tantanalar majmuasi, 200 o‘rinli umumiy ovqatlanish shoxobchasi, makaron, non sexi, mebel va qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari mavjud. Yaqindan boshlab Surxondaryo viloyatidan yeryong‘oq olib kelib, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.

Mustaqilligimizning 27 yilligi shodiyonalariga qizg‘in hozirlik jarayonida rang-barang konsert dasturlari tayyorlanib, bayram tantanalari o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibini saqlash, aholi tinchligi, yong‘in va yo‘l-transport harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu borada, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratilayotir. Mahallalarda “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Albatta, obod joyga bayramlar yarashadi. Tumanda 18-19 avgust kunlari o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hasharini munosib tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 330