Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2018 16:42 Chop etish versiyasi

Inson manfaati, bolalar xavfsizligi deputatlar e’tiborida

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yangi rejalarni belgilab olishga bag‘ishlandi.

Qayd etilganidek, qo‘mita tomonidan o‘tgan yilda o‘nga yaqin qonun ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning yettitasi qabul qilingan. Qolgani hali ko‘rib chiqilmoqda.

Qabul qilingan qonunlardan biri – “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonundir.

– Bugungi kunda axborot vositalaridan aksariyat hollarda jamiyat rivoji va tinchligiga rahna solish, yoshlar, ayniqsa, bolalar sog‘lig‘iga ziyon yetkazish, ularning ongi va dunyoqarashini toraytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan uzoqlashtirish, irodasini zaiflashtirish kabi g‘arazli va past maqsadlarda foydalanilayotganligi sir emas, – deydi qo‘mita a’zosi Rasul Kusherboyev. – Shu bois farzandlarimizni sog‘lom qilib voyaga yetkazish, ularni turli zararli illatlar, xurujlardan himoya qilish muhim ahamiyatga ega. “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bu borada muhim ahamiyat kasb etib, bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilishga qaratilgan.

Qonunda bolalarni o‘z hayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etish, jumladan, sog‘lig‘iga zarar yetkazish, o‘z joniga qasd qilishga va shu harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan axborotlarni tarqatish taqiqlanadi. Bolalarda narkotik vositalar, psixotrop moddalar yoki ularning aql-iroda faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi boshqa moddalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, darbadarlik, tilanchilik yoki boshqa ko‘rinishdagi noijtimoiy harakatlar bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan axborotlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur qonunning 2018-yil 9 -martdan kuchga kirishi farzandlarimiz himoyasida yangi huquqiy imkoniyatlar yaratadi.

Norgul Abduraimova,O‘zA
8 214