Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.08.2018 20:39 Chop etish versiyasi

Inson huquqi ustuvor, qonun barqaror

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Namanganda E-Sud – Milliy elektron sudlov axborot tizimida “Advokatlarning ishlash tartibi” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan viloyat sudining majlislar zalida tashkil etilgan tadbirda advokatlar, korxona, tashkilot va muassasalarning huquqshunoslari ishtirok etdi.

Seminarda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar, odil sudlov, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʻminlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.

Mamlakatimizda sudlar faoliyatining ochiq va shaffofligini taʻminlash, odil sudlovni amalga oshirish maqsadida sud tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” qoʻshma loyihasi doirasida ishlab chiqilib, sudlar amaliyotiga tatbiq etilgan E-Sud – Milliy elektron sudlov axborot tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tizim fuqarolik ishlarini sudlarda koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirish, turli statistik maʻlumotlarni shakllantirishni avtomatlashtirish, sud xabarnomalari va hujjatlarini taraflarga yetkazish mexanizmlarini takomillashtirish, inson va fuqaro huquqlarini himoya qilishda sansolarlik va byurokratizmga barham berishga xizmat qilmoqda.

– Bugungi kunda E-Sud tizimiga respublikamizdagi barcha fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat, tumanlararo, shahar va tuman sudlari ulangan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari H.Yodgorov. – Sudlarda jismoniy va yuridik shaxslarning sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizalarini toʻliq elektron shaklda qabul qilish va koʻrib chiqish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur tizim, jumladan, sudlarda advokatlarning faol ishtirokini taʻminlash borasida imkoniyatlarni kengaytirmoqda. Tizimda respublika boʻyicha 430 dan ziyod advokat roʻyxatdan oʻtgan va ular tomonidan yil boshidan buyon 10 mingdan ortiq sud buyrugʻini berish haqidagi ariza hamda daʻvo arizalari fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga mazkur tizim orqali yuborildi.

– E-Sud – Milliy elektron sudlov axborot tizimi joriy etilgandan buyon viloyat boʻyicha mazkur tizim orqali 11 mingdan ziyod daʻvo arizalari, 58 ming 245 sud buyrugʻi tartibidagi arizalar kelib tushdi, – deydi Fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan viloyati sudi raisining oʻrinbosari O.Hasanov. – Ularni qabul qilish, koʻrib chiqish yoki rad etish ham elektron tartibda amalga oshirilgani faoliyatimizda tezkorlikni oshirmoqda.

Seminarda taʻkidlandiki, joriy yilning iyun oyidan boshlab fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida E-Sud –Milliy elektron sudlov axborot tizimi orqali koʻrish moduli joriy etilgani inson huquqlarini himoya qilish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.

Interfaol tarzda tashkil etilgan seminarda mutaxassislar tomonidan mazkur huquqiy xizmatning imkoniyat va funksiyalari haqida advokatlarga batafsil maʻlumot berildi. Mamlakatimizda elektron sudlovni joriy etish boʻyicha erishilgan misollarda yangi tizim afzalliklari koʻrsatib berildi. Advokatlarga apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarini elektron shaklda sudlarga taqdim etish tartibi koʻrgazmali tarzda tushuntirildi.

Akromjon Sattorov, OʻzA
1 834