O‘zA O`zbek

27.04.2020 Chop etish versiyasi

Inson baxtli yashashi uchun nima kerak?

Inson baxtli yashashi uchun nima kerak?

Jizzax viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida 9 ming 100 nafarga yaqin yoshlar ishga joylashtirildi.

Joriy yil boshida xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan 28,7 mingdan ortiq yoshlarning 19,9 mingdan ziyodini doimiy ish va barqaror daromad manbai bilan taʼminlash uchun manzilli reja hamda yoʻl xaritasi ishlab chiqilib, tasdiqlangan edi. Ayni paytga qadar viloyat boʻyicha 9 ming 97 nafar yoshning bandligi taʼminlanib, yillik rejaning 46 foizi bajarildi.

Shu yil boshidan buyon viloyatda yoshlarning 27,5 milliard soʻmlik kredit hisobidan 471 ta loyihasi moliyalashtirildi, 1 ming 787 nafar yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 2 mingdan ziyod yigit-qiz jamoatchilik ishlariga, yana 2 ming 166 nafar yoshlar boshqa sohalarga ishga joylashtirildi.

Ishsiz yoshlarning salmoqli qismi – 2 ming 733 nafari qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida ishga joylashtirildi. Jumladan, 1 ming 786 nafar yoshlarga qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yerlardan 1 ming 363 gektar yer ajratildi.

photo_2020-04-27_21-44-59.jpg

Meliorativ holati yomon, barqaror irrigatsiya tizimiga ega boʻlmagan bu yerlardan foydalanish barchaning ham qoʻlidan kelmasligi maʼlum. Shuning uchun respublika ishchi guruhi, Prezident xalq qabulxonalari va sektorlar rahbarlari birgalikdagi faoliyati natijasida yangi imkoniyatlar izlab topish, qoʻriqlar ochish, unumsiz maydonni unumdor dalaga aylantirish, yerlarga suv chiqarish, yoshlarni koʻchat, urugʻ, oʻgʻit bilan taʼminlash, texnika yordamida yerlarga ishlov berish surʼati ikki karra oshirildi.

Ayni paytda ajratilgan maydonlarni suv bilan taʼminlash uchun yangi quduqlar, 40 kilometr ariq qazildi, koʻmilgan oʻzanlar tiklandi. nasoslar yordamida zovurlardan suv chiqarildi. Tomchilatib sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bu ishlarning natijasida yoshlarga ajratilgan yangi yerlarning 1 ming 20 gektariga sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli, boshoqli don, mevali daraxtlar ekildi. Bundan tashqari, 27 ta birlashma tashkil qilinib, qariyb 1 ming nafar yoshlarga kooperatsiya asosida 1 ming 114 gektar yer berilib, yangi bogʻlar barpo qilinmoqda.

Yoshlarni jalb etish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan bu yangicha yondashuv viloyatning choʻl hududidagi yer maydonining katta qismi shoʻrxok, sizot suv sathi baland tumanlari uchun qoʻl kelayotir.

photo_2020-04-27_21-45-21.jpg

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan qishloq yoshlari bandligini taʼminlash, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda amalga oshirilayotgan bu ish bizning choʻl tumanlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega, – deydi Doʻstlik tumani mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Narzulla Abduahadov. – Yerning yomoni, foyda bermaydigani boʻlmaydi.

Biroq qarovsizlikdan shoʻri yuzaga koʻtarilgan, qamish bosgan tashlandiq holga kelgan yerlar hamma hududda bor. Bugun bu yerlar oʻzlashtirilib, binoyidek ekinzorlar paydo boʻldi. Eng muhimi yoshlarimizga daromad manbai yaratib berildi. Demak, shu yerda ishlayotgan yoshlarning oilalarida farovonlik bilan birga totuvlik, yaxshi turmush madaniyati, maʼnaviyat qaror topadi. Bu esa insonning baxtli yashashi degani.

Ushbu tumanning “Oltin vodiy” mahallasi hududida 30 gektar jingʻil, tikon-u qamish oʻsib yotgan tashlandiq yerni mart oyi boshida oʻzlashtirishga kirishilgan edi. Foydalanish imkonsizdek koʻringan yer koʻpning kuchi bilan bir haftada tekislanib, shudgorlanib binoyidek ekin maydoniga aylantirilgach, kambagʻal oilalardagi 60 nafar ishsiz yoshlarga 50 sotixdan ajratib berildi. Yangi yer egalari karantin kunlarida bu yerga yaxshi niyat bilan ekkan kungaboqar va oshqovoq urugʻlari seryogʻin kunlardan soʻng bir tekis unib chiqdi. Mutaxassislarning fikricha, 50 sotixdan oʻrtacha 2 tonna kungaboqar pistasi va 10 tonna oshqovoq hosili olish mumkin. Ayni paytda kungaboqar chopiq qilinmoqda.

– 50 sotix maydondagi kungaboqarim birinchi chopiqdan soʻng baravj oʻsayotir, – deydi 27 yoshli Elyor Oʻroqboyev. – Yerga ishlov berib, uni tayyorlashda juda katta yordam berilganidan xursandman. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlayotgan Prezidentimizdan behad mamnunman. Endi buyogʻini oʻzim uddalab, bu gʻamxoʻrlikka yurtimiz farovonligi yoʻlida sidqidildan mehnat qilish bilan javob beraman.

photo_2020-04-27_21-45-12.jpg

Elyor harakatchan yigit. Toshkentda bir muddat bedanachilik fermasida ishlagan bu yigit shu yil mart oyi boshida Agrobank tuman boʻlimidan 30 million soʻm imtiyozli kredit olib 2 ming bosh bedana boqishni ham yoʻlga qoʻygan. Karantin boshlangan kunlarda ukasi bilan har kuni bozorga 1 ming 300 dona bedana tuxumi chiqarib 270-300 soʻmdan sotayotir. Bu bilan nafaqat oilasining, boshqalarning ham karantin davri qiyinchiliklarini yengishlariga koʻmaklashdi.

Viloyatda bunday misollar koʻp. Harakat qilgan odamga imkoniyat hamma joyda bor. Ayniqsa yer eng katta imkoniyat. Bugungi ogʻir-murakkab vaziyat – koronavirus pandemiyasi oqibatida viloyatda kamida qoʻshimcha 5,5 ming nafar ishsiz yoshlar paydo boʻlishi kutilayotgani bu imkoniyatlardan yana-da samarali foydalanish eng muhim vazifa boʻlib turibdi. Bu ishni amalga oshirishda respublika hukumati, viloyat xokimligi, sektor rahbarlari tomonidan amaliy yordam koʻrsatilayotir.

Respublika ishchi guruhining ikki kunlik faoliyati davomida yoshlarga ajratilgan 2 ming 277 gektar yerlarga ishlov berildi, 490 gektardan ziyod yangi yer ochildi, 250 gektar yerga daraxt koʻchatlari, sabzavot-poliz urugʻlari ekildi, yosh mulkdorlar yerlari uchun qariyb 30 tonna kimyoviy oʻgʻitlari yetkazib berildi, 23 ta yangi quduq oʻrni belgilanib, suv chiqarishning moliyaviy manbasi hal qilindi.

Bu yilgi bahor mamlakatimiz hayotida koronavirusga qarshi kurash, karantin tufayli faoliyat cheklovlariga qaramay barcha qiyinchiliklarni yenggan oʻziga xos fasl sifati tarixga kirmoqda. Ushbu yasharish, yangilanish, yaratish fasli yurtimizda amalga oshirilayotgan yaratuvchilik ishlari xalqimizning hayot meʼyorlarini barqaror saqlash bilan birga odamlarning ongi shuurini, dunyoqarashlarini ham oʻzgartirmoqda. Bu oʻzgarishlar davlatimiz rahbarining xalqimiz manfaatini, ertangi baxtli va hayotini koʻzlab olib borayotgan yangi-yangi tashabbuslarini katta-yu kichik, barcha birdek qoʻllab-quvvatlab, hamjihatlik bilan qilayotgan mehnatlarida namoyon boʻlayotir.

photo_2020-04-27_21-45-15.jpg


3 856
T. BEKNAZAROV. J. YORBEKOV (surat), OʻzA