O‘zA O`zbek

25.08.2018 16:30 Chop etish versiyasi

Insofli soliq toʻlovchilar bor boʻlsin!

Insofli soliq toʻlovchilar bor boʻlsin!
Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasida tadbirkorlik subyektlari, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda hisobchilari, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishtirokida “Soliq xizmati – insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2018-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida” gi farmoni hamda 2018-yil 26-iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori asosida tizimga kiritilgan oʻzgarish va yangiliklarning mohiyati toʻgʻrisida maʻruzalar tinglandi. 

Ushbu hujjatlar sohadagi mavjud muammolarga barham berish, amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga koʻtarishi bilan ahamiyatlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida 2019-yil 1-yanvardan mehnatga haq toʻlash fondiga soliq yuklamasi, barcha jismoniy shaxslar daromadlariga 12 foizlik yagona soliq stavkasi joriy etilib, shundan 0,1 foizi shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisoblariga yoʻnaltirilishi, ijtimoiy badallar bekor qilinishi amalda fuqarolarning daromadlari koʻpayishi demakdir.

Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga kiritilgan biznes uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirish, yuridik shaxslar aylanmalaridan undiriladigan davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalarni bekor qilish kabi oʻzgarishlar tadbirkorlarga katta yengillik beradi. Xuddi shunday yuridik shaxslar foydasiga soliq stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun esa 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirilishi ham iqtisodiyotning rivojiga ijobiy taʻsir koʻrsatadi.

Tadbirda Prezidentimizning “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori asosida soliq xizmati organlarini soliq toʻlovchilarning biznes-hamkori va maslahatchisi sifatidagi yangi imijini yaratish orqali xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgan idoraga aylantirish masalasiga alohida eʻtibor qaratiladi. Endilikda har bir xodim tomonidan “Soliq xizmati – insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani soʻzsiz bajarishi ustuvor vazifa hisoblanadi.

Bu esa mamlakatimiz rahbari tomonidan bildirilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idorasi xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan hayotiy shiorning soliq tizimidagi amaliy isbotidir. 

– Soliq tizimidagi yangiliklar, oʻzgarishlarni xalqimiz katta qiziqish bilan kuzatib, sohada olib borilayotgan islohotlarga oʻzining munosabatini bildirmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari M.Tursunmurodov. – Negaki, soliq tizimida mamlakatimiz, xalqimiz farovonligini koʻzlab qilinayotgan oʻzgarishlar har bir odamning hayotiga taʻsir oʻtkazadi. Shuning uchun bu oʻzgarishlar toʻgʻrisida har bir soliq toʻlovchining bilishi muhim ahamiyatga ega. Ushbu seminardan koʻzlangan maqsad ham shu – soliq toʻlovchilarni tizimda amalga oshirilayotgan oʻzgarish va yangiliklar bilan tanishtirishdir.

Asosiy maqsad esa soliq toʻlovchilar zimmalaridagi majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishlari, nima uchun soliq toʻlayotganliklarini toʻliq his qilishlari, bu jarayonlarda davlat soliq xizmati organlaridan rozi boʻlishlariga erishishdan iborat.

Bu oʻz navbatida soliq maʻmuriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yoʻl qoʻymaslik va oldini olishga xizmat qiladi.

Seminar ishtirokchilariga daromadlarni yashirmay, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlash uchun maʻmuriy tartib kamaytirish, soddalashtirish, tekshirishdan oldingi va masofaviy nazorat-tahlil ishlarini takomillashtirishni taʻminlaydigan ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishdagi yangiliklar boʻyicha ham batafsil tushunchalar berildi.

Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi qoshida tashkil etilgan “Jamoatchilik kengashi” aʻzolariga boshqarmaning tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

T.Beknazarov, OʻzA
1 753