Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2018 18:19 Chop etish versiyasi

Insofga kelishning fursati yetmadimi?

Xalqimiz orzu-havasli, to‘y-hashamlarni xush ko‘radi. Biroq, keyingi vaqtlarda ba’zi fuqarolar tomonidan mazkur tadbirlarni o‘tkazishda ortiqcha sarf-xarajatlar qilish holatlari tobora ko‘payib bormoqda.

Shariatda xayr-ehson va ziyofat berishga targ‘ib qilinishdan ko‘zlangan asosiy maqsad muhtoj va faqirlar ko‘nglini ko‘tarish hamdir. Azaldan to‘y va turli marosimlar o‘tkazilsa ulamolar jamoatchilikka va’z qilgan, arazlashib qolganlar yarashtirilgan, bemorlardan xabar olingan, keksalar ziyorat qilinib, ularga marosim taomlaridan ulashilgan.

Alloh taolo barcha ne’matlarini bandalarining rohatu-farog‘ati uchun yaratgani, ulardan halol-pokizalarini xohlaganicha iste’mol qilish mumkinligi, biroq isrof va oyoq-osti qilmaslik kerakligini o‘zining kalomida takror va takror ta’kidlaydi. “A’rof” surasida shunday marhamat qilinadi: “Englar va ichinglar, lekin isrof qilmanglar! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”.

“Isrof” so‘zi arab tilida “chegaradan chiqish”, “bir narsani qasddan unutish yoki o‘z o‘rniga qo‘ymaslik” degan ma’noni anglatadi. Shariat istilohida isrof – infoq (xayr-ehson)da haddan oshish va bir narsani keraksiz joyga sarflashdir. “Isro” surasining 26-oyatida shunday deyiladi: “Qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayr-ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang!”.

To‘yxonalarga imkoniyati yetganlar boradi albatta, biroq marosim sohibi o‘zining yashab turgan mahallasidan faqir-fuqarolarni, yo‘qsillarni, imkoniyati cheklangan kishilarni olib borib to‘ydirganida edi, nechog‘lik savob bo‘lardi. Ana shunday to‘yxona xizmatchilaridan biri bilan suhbatlashib qoldik. “Ertalab beriladigan nahorga osh bir soat, nari borsa bir yarim soatda o‘tib ketadi. Ammo biror soatdan keyin tashkil etiladigan ayollar to‘planadigan marosimlar bizni qiynaydi”, deydi u. Sababini so‘rasak, ayollarimiz xonadonidagi kelin-kuyovlarga atalgan sarpolarni to‘yxonaga tashib, hammaga ko‘z-ko‘z qilib, soatlab to‘yxonani band qilib o‘tirishi, kishini ranjitadigan holat ekanini aytib berdi.

Aslida nikoh to‘yida qiz uzatib borish jarayonida mo‘tabar onaxonlar, kelinning qarindosh-urug‘lari va yaqinlari qatnashadi. Mahalla maslahatchisi boshchiligida ko‘pni ko‘rgan tabarruk yoshdagi onaxonlar muqaddas nikohni e’zozlash, oila, qaynona-kelinning burch va vazifalari haqida zarur maslahat va o‘gitlar berishi maqsadga muvofiq edi. Biroq opa-singillarimiz dunyo xalqlariga millatimizni tanitgan hayo, iffat degan fazilatlarni unutib qo‘yayotgani achinarli holdir. Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz: “Har bir dinning o‘z xulqi bordir. Islomning xulqi hayodir”, dedilar. Er kishiga ham, ayol kishiga ham hayo fazilatdir.

Prezidentimiz Toshkent viloyatiga qilgan tashrifi davomida to‘ylarni ixchamlashtirish, dabdabayu isrofgarchilikdan voz kechish hamda quda-andalar kelishib to‘ylarni kamtarona o‘tkazishi, bu ishlarga mahalla ahli, mutasaddilar bosh-qosh bo‘lishi haqida ko‘rsatma va tavsiyalar bergan edi. Olmaliq va Bekobod shaharlarida bu ishlarni yo‘lga qo‘yib butun mamlakatga namuna ko‘rsatishi ham aytib o‘tilgan edi. Boshida bir necha to‘ylar ixcham, chiroyli ko‘rinishda bo‘lib o‘tdi. Hatto, bir necha kam ta’minlangan oilalar farzandlari nikoh to‘ylari umumlashtirilib, juda go‘zal tartibda o‘tkazildi. Biroq, biroz vaqt o‘tib yana har kim o‘z bilganidan qolmaydigan bo‘lib qolgandek go‘yo. Achinarli joyi shundaki, ayrim kishilar to‘y qilaman, deb qarzga botib qolmoqda. Xalqimizda “Hisobini bilmagan hamyonidan ayrilar” degan maqol bejiz aytilmagan. To‘ygacha qarz olib, to‘ydan keyin qarz qutulib, keyin xuddi shu “an’ana”ni davom ettiruvchilarni o‘stirish hayotning mazmuniga aylanib bormoqda. Insofga kelishning fursati yetmadimikan?

Yaqinda Zangiota tumanida bir qadrdonimiz nikoh to‘yi qildi. Diyonatli o‘g‘il otasining nasihatiga quloq solib, ixchamgina 50-60 kishilik osh dasturxoni yozilib, nikoh e’lon qilindi. Ayollar marosimlari ham kamtargina o‘tkazilib, onaxonlarning duosi olindi. Ortiqcha xarajatlar o‘rniga kelin-kuyov uchun ro‘zg‘or anjomlari olib berildi. Bugun ushbu yosh oila baxtli hayot kechirmoqda. Hech kimdan kam emas. Eng asosiysi, qarz degan tashvishga hojat qolmadi.

Shu maqsadda Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlarida mahalla raislari, nuroniylar bilan birga aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini muntazam olib bormoqdamiz. Shukronalik, qanoat insonga ziynat, obro‘-e’tibor keltiruvchi fazilat ekani to‘y egalariga batafsil tushuntirilmoqda.

Hammasi o‘z yo‘liga, mol ham, imkon ham topilar. Ammo, bid’at va xurofot ishlarga, keraksiz marosimlarga musobaqalashib qilinayotgan dabdabaga ketgan vaqt ortga qaytarmikan? Axir kishiga bir bora beriladigan umr g‘animat bo‘lsa, uni mazmunli, samarali o‘tkazish va eng asosiysi isrofdan saqlanishimiz eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Xayrulla Turmatov, 
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi.

O‘zA
3 860