O‘zA O`zbek

11.09.2018 21:00 Chop etish versiyasi

Innovatsiyalar – taraqqiyotning muhim omili

Toshkent shahrida 11 sentyabr kuni “Ijtimoiy sohadagi innovatsiyalar – jamiyat rivojining muhim omili” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Germaniyaning Konrad Adenauer jamgʻarmasi vakolatxonasi tomonidan iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning muhim tarmoqlarini jadal rivojlantirish masalalari, jahon ilm-fanining soʻnggi yutuqlari, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.

Mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga innovatsiyalarni tatbiq etish, taʼlim-tarbiya jarayonida innovatsion loyihalardan keng foydalanish, rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish innovatsion sohadagi ustuvor yoʻnalishlardandir. Mazkur forum ham “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi, joriy yilga moʻljallangan islohotlar mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi.

Anjumanning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi raisi I.Abdullayev, innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, maktabgacha taʼlim vaziri A.Shin va boshqalar mamlakatimizda innovatsion sohani rivojlantirish islohotlarning muhim boʻgʻini etib belgilangani, ijtimoiy sohada innovatsiyalarni tatbiq etish borasidagi ishlar haqida soʻz yuritdi.

Forumda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, NNT va jamoat tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirok etib, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimi va boshqa sohalarda innovatsiyalarni tatbiq etish masalalari hamda ushbu sohalardagi mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan fikr almashdi.

Jumladan, germaniyalik ekspert, doktor Diter Altxaus Germaniya tajribasi misolida innovatsion va iqtisodiy rivojlanish jarayonlari, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori J.Makgregor taʼlim sifatini oshirish, iqtisodiyot talablaridan kelib chiqqan holda kadrlar tayyorlash tizimi moslashuvchanligini taʼminlash, Yaponiyaning Vaseda universiteti professori Kuboyama Rikiya taʼlim sohasida innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha Yaponiya tajribasi haqidagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

– Yevropa davlatlarida, xususan, Germaniyada innovatsion soha rivojiga alohida eʼtibor qaratiladi, – dedi doktor Diter Altxaus. – Yurtingizda jamiyatning barcha sohalariga innovatsion loyihalarni tatbiq etish jadal surʼatlarda amalga oshirilayotganiga guvoh boʻldim. Mamlakatingiz rahbari tomonidan joriy yil nomi innovatsiyalarni faol qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bu boradagi ishlar davlatingiz eʼtiborida ekanidan dalolatdir. Oʻylaymanki, qisqa muddatda innovatsiyalar jamiyatingizning barcha sohasida oʻz samarasini beradi.

Forumning sessiya majlislarida 2021 yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasi taqdimoti, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar samaradorligini oshirish, fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalashning samarali mexanizmlarini yaratish, sogʻliqni saqlash sohasida ijtimoiy innovatsiyalarni qoʻllash kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbir yakunida mavzuga doir masalalar yuzasidan fikr almashildi. Kelgusi faoliyatda amalga oshirish uchun vazifalar belgilab olindi.

Zuhra Mirzaboyeva

OʻzA
1 386