O‘zA O`zbek

23.04.2019 21:52 Chop etish versiyasi

Innovatsion rivojlanish vazirligi TIKA bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi TIKA bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda

Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Sharof Rajabboyev Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Apparati huzuridagi Hamkorlik va rivojlanish boʻyicha boshqarmasi (TIKA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Isxan Chagʻlar va Turkiya milliy taʼlim vaziri maslahatchisi professor Mustafa Xilmi bilan uchrashdi.

Ali Isxan Chagʻlar Turkiya milliy taʼlim vaziri maslahatchisi Mustafa Xilmini vazirlik maslahatchisi sifatida faoliyat olib borishi uchun nomzod sifatida taklif qildi. Uning innovatsion faoliyatni rivojlantirish borasida katta tajribaga egaligini bildirib oʻtdi. Professor Mustafa Xilmi oʻz rejalari haqida gapirib berdi.

Ilmiy ishlanmalarga oid loyihalarni tijoratlashtirish borasida TIKA vakolatxonasi Turkiyaning yirik tadbirkorlarini jalb qilishi ham taʼkidlandi.

Hamkorlikni har tomonlama kengaytirish maqsadida 2019 yil 18-19 aprel kunlari Kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Innovatsion rivojlanish, pedagog kadrlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Turkiyaning Oʻzbekistondagi TIKA vakolatxonasi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlari direktorlari, hududiy boshqarmalarning kasb-hunar kollejlariga metodik koʻmaklashish boʻyicha maslahatchi-metodistlar uchun Turkiya milliy taʼlim vazirining maslahatchisi Mustafa Xilmi Cholakoʻgʻli “Kasb-hunar taʼlimida innovatsion yondashuv” mavzusida seminar oʻtkazdi.

Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Apparati huzuridagi Hamkorlik va rivojlanish boʻyicha boshqarmasi (TIKA) rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻmak berish hamda ularga iqtisodiyot, savdo, ilmiy-texnik, madaniyat, taʼlim va ijtimoiy sohalarda munosabatlarni oʻrnatish maqsadida 1992 yili tashkil etilgan boʻlib, 20 ta mamlakatda 23 ta muvofiqlashtiruvchi idoralari faoliyat yuritmoqda.

Texnik koʻmak taqdim etish va hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishda TIKA mamlakatlarning milliy qadriyatlari, ijtimoiy va madaniy xususiyatlariga alohida eʼtibor qaratadi, ularning tajribasiga tayanadi. Ayniqsa, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar TIKAning diqqat markazida turadi. Umuman olganda, TIKA boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni ikki turga ajratish mumkin. Bular ¬ texnik koʻmak va hamkorlikdir. Texnik koʻmak trening-dasturlar, asbob-uskunalar, mutaxassislarning xizmatlarini oʻz ichiga oluvchi ijtimoiy, moliyaviy loyihalardan iborat.

OʻzA
765