O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Innovatsion rivojlanish vaziri Fargʻonadagi “Yoshlar innovatsiya markazi” ga tashrif buyurdi

Innovatsion rivojlanish vaziri Fargʻonadagi “Yoshlar innovatsiya markazi” ga tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Fargʻona viloyatidagi “Yoshlar innovatsiya markazi”ga tashrif buyurdi. Tashrif davomida vazir “Yoshlar innovatsiya markazi” uchun ajratilgan bino va unga tutash hududlarda amalga oshirilgan rekonstruksiya, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, ularni nihoyasiga yetkazish, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

“Yoshlar innovatsiya markazi” Fargʻona shahridagi sobiq Qirguli qurilish-sanoat kolleji asosiy binosining 1-qavatida joylashgan boʻlib, taʼmirlash-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Rekonstruksiya natijasida markaz faoliyatini olib borish uchun yettita xonadan iborat jami maydoni 447.7 m2 boʻlgan xonalar zamonaviy koʻrinishda taʼmirlanib, “Kovorking markazi”, “Innovatsion gʻoyalar va loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etish jamgʻarmasi”, “Arxitektura-loyihalash byurosi”, “OTMlararo ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi”, “Axborot-texnologiya markazi” deb nomlangan. Xonalar va markaz binosi zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan.

Vazir tashrif davomida Markaz ishchi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazib, ularga markazni tashkil etishning asl mazmun-mohiyati, uning mintaqada innovatsiyalarni rivojlantirishda tutgan oʻrni, oldiga qoʻyilgan vazifalar toʻgʻrisida yana bir bor eslatib oʻtdi hamda markaz xodimlarining faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tiladi, ishni samarali va toʻgʻri yoʻlga qoʻyish boʻyicha qimmatli maslahatlarini berib oʻtdi.

Tashrif davomida Markazning koʻrgazmalar zalida viloyatda hamda mintaqadagi iqtidorli talabalar, maktab oʻquvchilari, yosh olimlar va tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan yaratilgan yangi innovatsion mahsulotlar namunalari, dasturiy taʼminot mahsulotlari, istiqbolli loyihalar va ilmiy ishlanmalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazma bilan tanishish asnosida Ibrohim Abdurahmonov oʻz ishlanmalarini hayotga tatbiq etayotgan yosh olimlar, tadbirkorlar, talabalar va oʻquvchilarning bilan suhbat oʻtkazib, ularning ishlanmalari bilan tanishdi. Istiqbolli, innovatsion ishlanmalarni va loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.

Tashrif davomida vazir Fargʻona viloyatida faoliyat yuritayotgan OTMlar: Fargʻona politexnika instituti, Fargʻona davlat universiteti, TATU Fargʻona filiali, TTA Fargʻona filialining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari bilan ham seminar oʻtkazdi. Seminarda OTMlar hamda markaz oʻrtasida amaliy-innovatsion hamkorlik ishlarini yana-da jonlantirish zarurligi qayd etildi.

Seminar soʻngida oliy taʼlim muassasalari prorektorlari tomonidan OTMlar hamda Yoshlar innovatsiya markazi oʻrtasidagi hamkorlik natijasida amalga oshirilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Jumladan, Fargʻona politexnika instituti olimlari tomonidan mahalliy xom ashyolar asosida ishlab chiqarilgan shoʻrlanishga qarshi “Antishoʻr” vosita hamda “IZOFULL” issiq va sovuqdan himoyalovchi suyuq nano qoplamalar ishlab chiqarish natijalari bilan tanishtirildi.

1 776
O'zA