O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Innovatsion rivojlanish vaziri akademik Abdurahmonov paxtachilik sohasidagi nufuzli anjumanda nutq so‘zladi

Innovatsion rivojlanish vaziri akademik Abdurahmonov paxtachilik sohasidagi nufuzli anjumanda nutq so‘zladi

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Avstraliyaning Brisben shahrida 1–5 dekabr kunlari o‘tkazilayotgan “Global yetakchilik: paxta sarhadlarini kengaytirish” mavzusidagi Paxtachilik bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining (PXMQ) 78-yalpi majlisida ishtirok etdi.

Paxtachilik sohasidagi global miqyosdagi holat, sohadagi innovatsiyalar va yangi g‘oyalar bo‘yicha olib boriladigan qizg‘in muhokamalarda paxtachilik sohasida faoliyat yuritayotgan dunyoning yirik olimlari, ishlab chiqaruvchilari, marketologlar, tahlilchilar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beruvchilari va bank vakillari qatnashmoqda.

Akademik Ibrohim Abdurahmonov tadbirda “Paxta germoplazmasi resurslari: taraqqiyot va almashinish” mavzusida chiqish qildi. Vazir o‘z ma’ruzasida murtak plazmasi — germoplazma resurslarini saqlash hozirgi globalizatsiya va texnologik taraqqiyot davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun o‘ta muhimligini ta’kidlab, g‘o‘zaning dunyo bo‘ylab saqlanib qolgan germoplazmalari insoniyat tomonidan saqlanib qolingan noyob boylik ekanini qayd etdi.

Dunyo aholisi tobora o‘sib borayotgan sharoitda paxta yetishtirishning barqarorligini ta’minlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Iqlim sharoitlarining o‘zgarishi, qurg‘oqchilik g‘o‘za sifatiga, hosiliga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olgan holda, germoplazmalardan tashqi muhitning keskin o‘zgarishlariga chidamli, serhosil o‘simlik genlarini saralab olish, paxta germolazmasini rivojlantirish muhimdir. Paxta germoplazmasining eng katta kolleksiyasi O‘zbekistonda ekanligini inobatga olinadigan bo‘lsa, bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar va innovatsiyalarni yurtimiz tadqiqotchilari hamda jahonning yetakchi soha vakillari bilan birgalikda amalga oshirilishi maqsadga muvofiqdir.

I. Abdurahmonov, shuningdek FAning Genomika va bioinformatika markazida shu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida so‘zladi. Xususan, gen injeneriyasi mahsuli bo‘lmish “Porloq” turkumidagi paxta navlaridan yiliga 60 ming tonna paxta tolasi yetishtirilmoqda. O‘zbekistonda yaratilgan g‘o‘za genetikasi yo‘nalishidagi texnologiyalarni AQShga transferi bo‘yicha tajribani boshqa davlatlar bilan amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

3 753
O‘zA