O‘zA O`zbek

20.09.2019 Chop etish versiyasi

Innovatsion laboratoriyada jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari va muammolar yechimida ijodiy yondashuv bo‘yicha treninglar o‘tkazildi

Innovatsion laboratoriyada jamoa bilan ishlash ko‘nikmalari va muammolar yechimida ijodiy yondashuv bo‘yicha treninglar o‘tkazildi

Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida davlat xizmatchilari uchun “Jamoada ishlash va liderlik ko‘nikmalari”, hamda “Muammolarni yechishda ijodiy (kreativ) yondashuv” mavzularida treninglar o‘tkazildi.

Treninglarni siyosiy fanlar doktori, psixologiya fani nomzodi, professor, biznes-trener Alisher Fayzullaev o‘tkazdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasi davlat boshqaruvi tizimida innovatsion yondashuvlar va yechimlarni joriy etish va sinovdan o‘tkazish uchun barcha vazirlik va muassasalar uchun ochiq platforma vazifasini o‘tamoqda.

Treninglar interfaol o‘yinlar, muayyan vaziyatlarni tahlil qilish, muhokamalar va umumlashtirish usullarini qo‘llagan holda tashkil etilgani alohida ahamiyat kasb etdi. “Jamoada ishlash va liderlik ko‘nikmalari” mavzusidagi treningda jamoada ishlashning o‘ziga xos jihatlari, jamoani shakllantirish tamoyillari, raqobatchilar va hamkorlar bilan samarali aloqalar o‘rnatish masalalari muhokama qilindi. Jamoaga boshchilik qilish bu mas’uliyatni bo‘yinga ola bilish ekanligiga alohida e’tibor qaratilib, qiyin vaziyatlarda, deylik, raqobat kuchli muhitda boshqaruv, tashkilotchilik va o‘zaro munosabatlarni qurishning nozik jihatlari tahlil etildi. Maqsadga erishish uchun muvaffaqiyatga o‘zini va atrofidagilarni ishontira bilish ham bir mahorat bo‘lib, bunda ijodiy fikrlashni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, jamoaga rahbarlik qilishda insonning optimist bo‘lishi, o‘z hissiyotlarini jilovlay bilishi ham muhimdir. Rahbar atrofdagilarni tinglashi, ularga ruhiy ta’sir ko‘rsata olishi zarur, shuningdek u o‘z qo‘li ostidagi xodimlarga ba’zi vakolatlarni berishi va nazorat qilishi lozim.

“Muammolarni yechishda ijodiy (kreativ) yondashuv mahorati” treningi ish jarayonida ijodiy fikrlash ko‘nikmasini qo‘llash, uni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Interfaol o‘yinlar, maxsus mashqlar orqali ishtirokchilarning ijodiy imkoniyatlarini ochish, ularni namoyon etishga harakat qilindi. O‘z navbatida noan’anaviy fikrlaydigan insonlarning hayoti yorqin, to‘laqon bo‘lishi, ular o‘zini hayotda baxtli his qilishlarini inobatga olib, bu xislatni rivojlantirish odamning o‘ziga ham, u ishlaydigan jamoaga ham koni foyda ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan bir qatorda ijodiy, innovatsiyalarga o‘ch jamoalargina kelajakda muvaffaqiyat qozonishi mumkinligi haqida so‘z yuritildi. Ijodkorlik bu atrofga sinchkovlik bilan nazar tashlash va yangiliklarni qabul qila olishdan, tabiiylik va erkinlikdan, masalaga “sho‘ng‘ib” ketishdan, mehnatkashlik va intizomga rioya qilishda iboratdir.

Treningda muammolarga hayotning bir qismi sifatida qarash lozimligi to‘g‘risida ham gapirildi. Negaki muammo bo‘lmasa, hayot ham bo‘lmaydi, dedi A. Fayzullaev. Uning fikricha, aynan muammolar imkoniyatlarga zamin yaratadi. Odamlar yoki tashkilotlar muammoni ko‘rmasliklari yoki undan qochishlari mumkin, lekin eng to‘g‘ri yo‘l bu muammolarni ijodiy hal etishdir.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, mazkur ikki trening, davlat xizmatchilari kundalik duch keladigan vaziyatlarda to‘g‘ri va samarali yo‘l tutishlari uchun turtki bo‘ldi, deyish mumkin.

2 071
O‘zA