O‘zA O`zbek

11.09.2018 10:17 Chop etish versiyasi

Indoneziya va Oʻzbekiston mutaxassislari hamkorlikda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqdi

Indoneziya va Oʻzbekiston mutaxassislari hamkorlikda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqdi

Joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda birinchi marta 15 ming gektarda eksportbop achchiq qalampir yetishtirildi.

Janubiy Koreya va Indoneziya davlatlarida yetishtiriladigan achchiq qalampir navlarini Oʻzbekiston sharoitida yetishtirish va hosilni eksport qilish yurtimizda ilk marta amalga oshirilayotganligiga qaramasdan yaxshi natijalarga erishilmoqda.

Bu haqida Toshkent davlat agrar universiteti, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Oʻzbekistonda achchiq qalampir yetishtirish istiqbollari: muammolari va yechimi” ilmiy-amaliy seminarida maʼlum qilindi.

Unda mahalliy va xorijiy mutaxassislar Oʻzbekistonda achchiq qalampir yetishtirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish, jahonda achchiq qalampir ishlab chiqarishning bugungi holati va Oʻzbekistonda rivojlanish istiqbollari, achchiq qalampirni eksportga chiqarish, koʻchatlarini tayyorlash, yetishtirish, saqlash va qayta ishlash boʻyicha tavsiyalar va koʻrsatmalar berdi.

Seminar yakunida Indoneziya va Oʻzbekiston mutaxassislarini keyingi hamkorlik faoliyati boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. “Yoʻl xaritasi”da achchiq qalampirni yetishtirish boʻyicha oʻquv adabiyotlarini yaratish, fermer xoʻjaliklari uchun tavsiyanomalar va koʻrsatmalar ishlab chiqish hamda mutaxassislarni oʻzaro tajriba almashishini yoʻlga qoʻyish koʻrsatib oʻtilgan.

OʻzA
1 986