O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Imzo toʻplash jarayoni qizgʻin pallaga kirdi

Imzo toʻplash jarayoni qizgʻin pallaga kirdi

Mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim jarayon – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar uchun saylov kampaniyasi boshlanib ketdi. Shu munosabat bilan bugungi kunda joylarda partiyalarning saylovlarda ishtirokini taʼminlashni qoʻllab-quvvatlovchi imzolar toʻplash jarayoni qizgʻin tus olmoqda.

Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyat partiya tashkilotining shahar va tuman Kengashlari majlislarida imzo toʻplash jarayonlari boʻlib oʻtmoqda. Unda joylardagi partiyaning tayanch tashkilotlari va mahalliy Kengash deputatlari, “Ayollar” va “Yosh adolatchilar” qanoti aʼzolarini ushbu jarayonga jalb etib, bunga keng aholi qatlamini qamrab olish ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar ishlab chiqilib, imzo toʻplashga kirishilmoqda.

Ilhom Bashirhanov, Sayhunobod tuman tibbiyot birlashmasi qoshidagi boshlangʻich partiya tashkiloti raisi:

– Ushbu jaryonni belgilangan vaqtda, bexato tarzda oʻtkazish nafaqat viloyat, shahar yoki tuman partiya tashkiloti vakillari, balki har bir boshlangʻich partiya tashkiloti raislari va aʼzolarining ham oldida turgan muhim va masʼuliyatli vazifalardan biri hisoblanadi. Shuni toʻliq anglagan holda bugungi kunda boshlangʻich tashkilot kesimida yetarlicha imzolarni toʻplashga erishdik. Hali imzo toʻplash jarayoni davom etmoqda.

Shuhrat Hasanov, Yoshlar ittifoqi Guliston tuman Kengashi raisi oʻrinbosari, partiya faoli:

– Yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro ushbu jarayonga befarq emasligini imzo toʻplash jarayonidagi faolligi orqali ham kuzatishimiz mumkin. Bugungi kunda tumandagi barcha partiya saylov shtablarida aholi gavjum. Shaxsan oʻzim ham tumandagi yoshlar bilan birgalikda Guliston tuman tibbiyot birlashmasidagi partiya tuman Kengashi saylov shtabiga kelib, Oʻzbekiston “Adolat” SDPni qoʻllab – quvvatlab imzoladik.

Haqiqatdan ham ushbu siyosiy jarayonda ishtirok etish har birimizning fuqarolik burchimizdir. Zero, mamlakat kelajagini belgilovchi bu jarayon hech birimizni befarq qoldirmaydi.

Valijon TOʻYCHIYEV,

Oʻzbekiston “Adolat” SDP

Sirdaryo viloyat Kengashi rais oʻrinbosari

1 172
OʻzA