O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

Imom Buxoriy siymosi teatr sahnasida

Imom Buxoriy siymosi teatr sahnasida

Har mavsum boshlanishi teatr uchun shunchaki, tanaffusdan keyingi faoliyatning davomi emas, balki ijodiy jamoaning yangi izlanishlari taqdimotidir. Bu katta imtihon hisoblanadi.

Sadriddin Ayniy nomidagi Buxoro musiqali drama teatri oʻzining navbatdagi 89 -mavsumini taniqli adib Usmon Qoʻchqor qalamiga mansub “Imom Buxoriy” tarixiy mavzudagi asari asosida yaratilgan spektakl bilan boshladi.

Unda buyuk ajdodimiz, benazir muhaddis Imom Buxoriyning hayot yoʻli, islom dini taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida hikoya qilinadi. Spektakl davomida turli qiyinchiliklarni aql -idrok va donishmandlik bilan yengib oʻtgan ulugʻ siymoning shaxsi, xarakteri ochib beriladi. Imom Buxoriy rolini teatrning iqtidorli aktyori Ilhom Toirov mahorat bilan ijro etgan.

Taʼkidlash kerak, sheʼriy asarni pyesa shaklida sahnalashtirish oson emas. Lekin rejissyor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Nodira Moʻminova rahbarligidagi ijodiy jamoa buni muvaffaqiyat bilan uddaladi. Albatta, bunda tarixchi va adabiyotshunoslar bilan bahamjihat ish tutish, aktyorlarning toʻgʻri tanlanishi muhim ahamiyat kasb etdi.

Spektakl yakunida zalni toʻldirgan tomoshabinlar aktyorlar jamoasini olqishladi. Demak, asar hayotiy, taʼsirchan, ishonchli chiqqan.Tabiiyki, bunday spektakl teatr repertuaridan mustahkam oʻrin oladi.

Eʼtirof etish joiz, keyingi yillarda Buxoro viloyati musiqali drama teatri vatanparvarlik va ezgu qadriyatlarni tarannum etuvchi asarlarni sahnalashtirish barobarida chet el klassik dramaturgiyasining eng sara namunalariga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.

–Biz ijodiy repertuarimizni yangilab borish ustida doimiy ish olib boryapmiz, – deydi teatr direktori Gulnora Husenova. – Joriy rejamizda ulugʻ rus yozuvchisi Anton Chexovning “Ayiq”, ozarboyjonlarning sevimli badiiy durdonasi “Arshin mol olon” asarlari, Vilyam Shekspir qalamiga mansub “Richard 111” tarixiy pyesasini sahnalashtirish koʻzda tutilgan.

2 026
Erkin YODGOROV, OʻzA