O‘zA O`zbek

28.08.2018 20:34 Chop etish versiyasi

Imkoniyat va imtiyozlar samarasi

Imkoniyat va imtiyozlar samarasi Namangan shahrida “Grandmed medical center” xususiy diagnostika va davolash markazi ish boshladi.

Eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini munosib bunyodkorlik tuhfalari kutib olish ezgu anʻanaga aylangan.

“Grandmed medical center” xususiy diagnostika va davolash markazining keng jamoatchilik ishtirokida boʻlib oʻtgan tantanali ochilish marosimida bu alohida taʻkidlandi. Mamlakat miqyosidagi investitsiya dasturlari, tadbirkor va ishbilarmonlar tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar yuksak samaralar bermoqda.

– Muassasani jihozlash uchun “Asakabank"ning 100 ming dollarga yaqin imtiyozli krediti evaziga eng zamonaviy diagnostika uskunalari keltirildi, – deydi “Grandmed medical center” xususiy diagnostika va davolash markazi rahbari S.Shokirov. – Qurilish, jihozlash ishlarigaoʻz sarmoyamizdan 2 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Uch qavatli muhtasham shifo maskanida 60 oʻrinli statsionar davolash boʻlimi va kuniga 100 nafar bemorga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega tashxis va laboratoriya boʻlimlari faoliyat yuritadi. Oshqozon-ichak, jigar, yurak-qon tomir, ginekologik xastaliklarni chuqur tashxislash va muolaja qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.

– Masalan, VS-5000 gemotologik tahlil uskuna yordamida qonning 20 turdan ziyod tahlilini oʻtkazib, oʻta aniq tashxis qoʻyish imkoniyatiga egamiz, – deydi markaz bosh shifokori A.Abduqosimov. – Tez kunlarda Rossiyadan DNK texnologiyasi boʻyicha virusli gepatitning barcha turini tashxislaydigan PSR uskunasi keltiriladi. Hindistonning nufuzli klinikalari bilan shartnoma tuzildi. Unga koʻra, sentyabr oyidan boshlab tashxislash-davolash ishlarida amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Mustaqillik bayrami va markazimiz ish boshlashi munosabati bilan bugun yurtdoshlarimizga bepul xizmat qoʻrsatilmoqda.

“Grandmed medical center” xususiy diagnostika va davolash markazida 40 kishi ish bilan taʻminlandi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA
1 386